Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Instagram ijtimoiy tarmog‘ida jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilib, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi videoma’lumot joylashtirilgani blogerlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Instagram’da videolarni joylagan shaxs — JasJan akkaunt foydalanuvchisi Toshkent viloyatida tug‘ilgan fuqaro Jasur Shodiyev ekani ma’lum bo‘ldi. IIBB xabariga ko‘ra, ushbu fuqaro bundan bir necha oy ilgari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan 15 sutka qamoq jazosini o‘tab chiqqan.

«Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, u o‘z ishini yana davom ettirib, axloqsiz videolarni tarqata boshladi.Bundan ko‘zlangan maqsad — ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Jasur Shodiyev va fuqaro Humoyun Muhammadjonov jamoat joyida boshqa bir bloger — Ja’far Yusupovga nisbatan uyatli so‘zlar ishlatib, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida haqorat qilgan. Bu jarayondan videomaterial tayyorlab, ommaga namoyish etgan. Mazkur holat yuzasidan hujjatlar to‘planib, qonuniy chora ko‘rish uchun Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBga yuborildi.

Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida mazkur ish yuzasidan jamoatchilik muhokamasa va sayyor sud o‘tkazildi. Unda Jasur Shodiyev va fuqaro Humoyun Muhammadjonovga nisbatan sud o‘qib eshittirildi. Ularga uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi.