28 sentabr kuni AQSh mehnat vazirligining «Bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxati — 2022» yillik hisoboti e’lon qildi, deya xabar bermoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

Mazkur qaror Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2021 yilgi paxta hosili monitoringi davomida tizimli majburiy mehnat aniqlanmaganini hisobga olgan holda qabul qilindi.

O‘zbek paxtasi 2009 yilda bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, 2018 yilda xalqaro kuzatuvchilar, jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan olib borilgan monitoring va tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSh mehnat departamenti o‘zbek paxtasini bolalar mehnati bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxatidan olib tashlagan edi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, bu o‘z navbatida, O‘zbekistonning paxta mahsulotlarini AQShga eksport qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Biroq, O‘zbekiston hamon ro‘yxatda ipak pilla yetishtirishda majburiy mehnat qo‘llaniladigan davlat sifatida kolmoqda. «O‘zbekistonda kattalar pilla yetishtirishga majburlangani haqida ma’lumotlar bor… Pilla yetishtirishda majburiy mehnat asosan mamlakat janubidagi fermerlar orasida qo‘llaniladi, ammo dalillar shuni ko‘rsatadiki, bu sohada boshqa qishloq oilalari ham majburiy mehnatga jalb qilingan», — deyiladi hisobotda.

«O‘zbekiston — Germaniya forumi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda har yili ipak pilla yetishtiruvchi 45 mingdan ortiq fermerning aksariyati bu ishdan bosh tortolmaydi. Ularni viloyat va tuman darajasidagi mansabdor shaxslar majburlab, har bir fermerga pilla yetishtirish uchun kvota ajratadi. Ular bunga rioya qilmasa, jarima solish, ijaraga olingan qishloq xo‘jaligi yerlaridan mahrum qilish yoki jismoniy zo‘ravonlik kabilar bilan tahdid qilinadi», — deya eslatiladi hisobotda.

Bundan tashqari, hisobotda qayd etilishicha, fermerlar pilla yetishtirish xarajatlarini qoplash uchun to‘lov miqdori kam, o‘z vaqtida to‘lanmasligi yoki to‘lovning amalga oshirilmasligi bilan bog‘liq holatlar bo‘lsa-da, o‘zlari yetishtirgan ipak pillalarini davlatga qayta sotishlari shart.

Avvalroq AQSh mehnat vazirligi 2011 yildan beri birinchi marta bolalar mehnatining eng yomon shakllari bo‘yicha o‘z xulosalarida O‘zbekistonni bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligi bo‘yicha «sezilarli rivojlanish» (eng yaxshi) qatoriga kiritgan edi.

«2021 yilda O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakllariga barham berish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi… Hukumat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga majburiy va bolalar mehnati uchun javobgarliklarni, shu jumladan, bolalar mehnatidan foydalanish qoidalarini buzganlikning eng og‘ir shakllari uchun jazoni kuchaytirish hamda jinoyat sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish maqsadida o‘zgartirishlar kiritdi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanish bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish va taqiqlarni aniqlashda davom etdi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatdan foydalanish, asosan, hukumat tomonidan majburiy mehnatga qo‘yilgan taqiqlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlari natijasida barham topdi.

«Biroq, O‘zbekistonda hamon bolalar mehnatining eng yomon shakllari, jumladan, bolalarni tijorat maqsadida jinsiy ekspluatatsiya qilish, ba’zan odam savdosi kabi holatlarda ham qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi va jamoat ishlarida bolalar mehnatidan foydalanish davom etmoqda», — deb yozadi mualliflar.