2022 yilning 1 sentabridan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarni boshqarish huquqi uchun ishonchnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP, my.gov.uz) orqali elektron shaklda berish imkoniyati joriy etildi.

Elektron ishonchnomani berishda uni notarius tasdiqlashi shart emas. Ishonchnoma YAIDXP uchun ariza to‘lovi amalga oshirilganidan so‘ng darhol olinishi mumkin. Yuklab olingan ishonchnomani chop etish shart emas: YHXB xodimlari uni planshet orqali tekshirisha oladi. Ammo ishonchnomani chop etish va uni o‘zingiz bilan olib yurganingiz ma’qul. Ba’zida YHXB ma’lumotlar bazasi ishlamay qolishi mumkin, shuning uchun xodimlar ishonchnomangizni onlayn tekshira olmaydi va muammolar paydo bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

«Gazeta.uz» Payme bilan hamkorlikda smartfon yordamida kerakli muddatga elektron ishonchnoma rasmiylashtirish va unga tezda to‘lov qilish haqida batafsil so‘zlab beradi.

YAIDXPdan ro‘yxatdan o‘tish

My.gov.uz saytiga kiring va ro‘yxatdan o‘tish uchun «Kirish» tugmasini bosing.


Yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali kirish uchun «Kirish» tugmasini bosing. O‘zingizning loginingiz va parolingizni kiriting, so‘ng yana «Kirish» tugmasini bosing. Agar tizimda hali akkauntingiz bo‘lmasa, ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak bo‘ladi.


Ishonchnomani rasmiylashtirish

YAIDXPdagi sohalar ro‘yxatidan «Adliya» bandini tanlang, uning ichidan esa «Avtotransport boshqaruvi uchun elektron ishonchnoma olish» bandiga bosing.


Ishonchnoma qiymati u amal qiladigan muddatga bog‘liq:

  • bir oygacha — BHMning 0,3 baravari (23 sentabr holatiga ko‘ra, 90 ming so‘m);
  • olti oygacha — BHMning 1,5 barvari (450 ming so‘m);
  • uch yilgacha — BHMning 3 baravari (900 ming so‘m).

Taqdim etilayotgan xizmat bo‘yicha barcha shartlarni o‘rganib chiqing va «Xizmatdan foydalanish»ni bosing.


Birinchi qadamda ommaviy oferta bilan tanishing va «Keyingisi»ni bosing.


Ro‘yxatdan o‘z avtomobilingizni tanlang: bu yerda nomingizga rasmiylashtirilgan barcha avtomobillar avtomatik ravishda ko‘rsatiladi. Bunda pasportingiz ma’lumotlari ham darhol yuklanadi. Quyida esa yashash hududi va tumanini ko‘rsating.



Ishonchnomaning amal qilish muddatini tanlang: 1 oy, 6 oy yoki 3 yil. Ishonchnomaning boshlanish sanasini belgilang. Tugash sanasi avtomatik ravishda o‘rnatiladi. Telefon raqamingizni kiriting va «Keyingi»ni bosing.

Ishonch bildirilayotgan shaxslarni kiritish

Ushbu bosqichda ishonchnoma berilgan haydovchilar haqidagi ma’lumotlar kiritilishi kerak. Bu yerda bir vaqtning o‘zida bir nechta ishonchnoma berilgan shaxslarni belgilashingiz mumkin.


«Qo‘shish» tugmasini bosing va ishonch bildirilayotgan shaxsning JSHSHIR, pasport (ID-karta) seriyasi va raqamini, shuningdek, uning tug‘ilgan sanasini kiriting. Shundan so‘ng, «To‘ldirish» tugmasini bosing. Uning pasport ma’lumotlari avtomatik ravishda yuklab olinadi.


Ishonchnoma berilgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat turini tanlang va «Saqlash» tugmasini bosing. Shundan so‘ng, ishonch bildiriluvchi shaxs darhol ro‘yxatda paydo bo‘ladi. Agar ishonchnomaga yana birovni kiritish kerak bo‘lsa, amallarni takrorlang.

Barcha ishonchli shaxslarni kiritgandan so‘ng, «Keyingisi» tugmasini bosing.


Navbatdagi bosqichda SMS-xabarnomalarni olishga rozilik uchun katakchani belgilang. Ishonchnomani olmoqchi bo‘lgan tilni tanlang. Ariza beruvchi va ishonch bildirilgan shaxslar haqidagi barcha ma’lumotlarni qaytadan tekshiring va «Yuborish» tugmasini bosing.


To‘lovga tayyorgarlik ekranida, agar yangi ishonchnoma rasmiylashtirayotgan bo‘lsangiz, «Yangi invoys oling» bandini tanlang, so‘ng «Yuborish» tugmasini bosing.

Ishonchnoma uchun ariza darhol «To‘lov jarayonda» holati bilan tuziladi.

Ishonchnoma uchun to‘lov

Ariza uchun to‘lovni amalga oshirishning ikki yo‘li mavjud.

1. QR-kod orqali to‘lov. Ilova tavsifidagi zarg‘aldoq rangli «To‘lov tafsilotlari» tugmasini bosing.


Pastga o‘ting va kvitansiyani yuklab olish tugmasini bosing. Olingan kvitansiyani chop eting.


Payme to‘lov ilovasini oching, asosiy ekranda QR-to‘lovni tanlang va chekdagi QR-kodni skanerlang. Kerakli bank kartasini tanlang va «To‘lash» tugmasini bosing.


To‘lov uchun komissiya — 1%.

2. Invoys raqami bo‘yicha to‘lov. Ilova tavsifida sariq rangli «To‘lov tafsilotlari» tugmasini bosing.


Invoys raqamini va to‘lov miqdorini yozib oling. Payme to‘lov ilovasini oching, «To‘lov» tugmasini bosing va xizmatlar ro‘yxatidan «Davlat xizmatlari agentligi»ni tanlang.


To‘lov turini tanlang, invoys raqamini va to‘lov miqdorini kiriting, so‘ng «Davom etish» tugmasini bosing. Kerakli bank kartasini tanlang va «To‘lash» tugmasini bosing.

To‘lov uchun komissiya miqdori 1 foizni tashkil qiladi.

Ishonchnomani qayta ishlash va taqdim etish

To‘lovdan keyin arizani ko‘rib chiqish bir necha daqiqa vaqt olishi mumkin. Muvaffaqiyatli ko‘rib chiqilganidan so‘ng siz SMS-xabar olasiz.


Asosiy menyuda «Mening arizalarim» bo‘limiga o‘ting, «Yuborilganlar» bandini tanlang va ro‘yxatdagi arizangizning ustiga bosing.


To‘lov amalga oshirilgan ariza «Ko‘rib chiqilgan» holati bilan ko‘rsatiladi. Pastroqda esa elektron ishonchnomani yuklab olish imkoniyati paydo bo‘ladi.


Bu yerda siz yaratilgan ishonchnomani smartfoningizga yuklab olishingiz va kerak bo‘lsa chop etishingiz mumkin.

Hamkorlikda tayyorlangan material.