O‘zbekistonga Koreyaning «Meere» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Revo-i» rusumli robot-xirurg olib kelindi, deya xabar bermoqda sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Markaziy Osiyoda noyob bo‘lgan ushbu texnologiya «Shox international hospital»ga o‘rnatilgan. Olib kelinganiga bir hafta bo‘lishiga qaramasdan 8 nafar bemor u orqali dardiga davo topdi. Klinika mutasaddilari ushbu innovatsion texnologiya muassasadagi barcha operatsion blok mutaxassislari tomonidan o‘zlashtirilishini maqsad qilgan.

O‘zbekistonda ilk bor robot-jarrohga operatorlik qilgan onkoxirurg Zarifxo‘ja Bahodirxonov zamonaviy xirurgik texnologiyalar bo‘yicha Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan. Xususan, sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magi bilan aynan «Revo-i» robot texnologiyasi bo‘yicha Koreyada ikki marta malaka oshirib kelgan.

«Bizda shu paytgacha jarrohlik amaliyotlari odatiy kesish va laparoskopik usullarda o‘tkazilgan. To‘g‘ri, laparoskopik operatsiyalar ham kesishlarsiz, vizual imkoniyatlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu usulda shifokor jarrohlik stoli oldida turib, operatsiya paytida ishlatiladigan asboblarni bevosita qo‘li bilan ushlab, qarshisidagi monitorga qarab, ish olib boradi. Robot yordamida bajariladigan operatsiya chog‘ida esa jarroh konsoldagi qulay stulda, barcha diqqatini operatsiyada jamlash imkoniyati bo‘ladigan sharoitda o‘tiradi», — dedi u.

Robotning jarrohlik asboblari kichik o‘lchamli bo‘lib, inson qo‘liga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi. Robot-xirurg yordamida bajariladigan onkologik amaliyotlar o‘simta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayoti uchun muhim bo‘lgan boshqa organlarga ta’sir qilmasligi, minimal qon yo‘qotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sog‘ayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda robotoxirurgiyaning taraqqiy etishi ikki omilga bog‘liq. Birinchisi — texnologiyani boshqara oladigan mutaxassislar tayyorlash bo‘lsa, ikkinchisi — mamlakat tibbiyotida robotlar sonini orttirish.

Vazirlikka ko‘ra, bu borada endigi vazifa — robot bilan birga operatsiya qiluvchi ko‘p sonli xirurglar zaxirasini shakllantirish. Shunda bu innovatsion texnologiya onkologiya va onkourologiya yo‘nalishlaridagina emas, milliy tibbiyotning barcha jabhalarida faol qo‘llanila boshlaydi.