28 sentabr kuni AOKAda YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jofri Ijunba va SSV, XTV, IIV va YHX mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda bolalar, o‘smirlar va ota-onalar uchun innovatsion axborot platformasi ishga tushirilgani ma’lum qilindi.

«Yaxshi narsalar interneti» deb nomlangan ushbu platforma YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu veb-resursning yaratilishi bolalar, o‘smirlar, ota-onalarning sifatli, xavfsiz, xolis va foydali axborotdan erkin foydalanishini ta’minlashda xizmat qiladi.

Platforma «Ruhiy salomatlik», «Ta’lim», «Sog‘liqni saqlash», «Inson huquqlari», «Yo‘l harakati xavfsizligi» kabi dolzarb masalalar bo‘yicha zarur tushunchalarni o‘z ichiga oladi.

Foto: AOKA

Qayd etilishicha, mazkur platforma internetdan foydalanish imkoniyati cheklangan, bunga sharoiti yo‘q aholi qatlami uchun keng maydon bo‘lib, o‘ziga xos «ko‘prik» vazifasini bajaradi. Platformadan foydalanish mutlaqo bepul. Masalan, qaysidir o‘smir yoshdagi yigit yoki qizning internetga kirish uchun mablag‘i yo‘q, shunday vaziyatda ular platformadagi ma’lumotlarni bemalol bepul yuklab olishi mumkin.

Platforma o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida faoliyat ko‘rsatib, uning kontentini boyitish ustida bosqichma-bosqichma ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar unga joylashtirilgan ma’lumotlar nafaqat matn, balki infografika ko‘rinishida, video formatda, o‘smirlar tiliga yaqin tilda, qulay uslubda taqdim etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi, YUNISEF ekspertlari, volontyorlar yordamida platforma kontentini to‘liq o‘rganib chiqish ishlari yakuniga yetdi. Ushbu innovatsion platformadan 28 sentabrdan boshlab foydalanish mumkin.