27 cyentyabr kuni Toshkentda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti (IAU) binosi ochildi. Universitet Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan 1845 yildan beri mavjud bo‘lgan Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi universitet ochish rejalaci birinchi marta o‘tgan yili e’lon qilingan edi. May oyida O‘zbekiston prezidenti universitet faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Universitet Toshkent agrar universiteti hududida joylashgan. Kelgusida u uchun alohida kampus quriladi.

Ilk o‘quv yilida 160 nafar talaba qabul qilindi. O‘qitish ham to‘lov-shartnoma, ham grant asosida olib boriladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, barcha birinchi kurs talabalari grant asosida o‘qishga qabul qilingan.

Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti prorektori Piter Makkafferi ochilish marosimida so‘zga chiqib, universitetning tashkil etilishi O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligida yangi davrni ochishiga ishonch bildirdi.

«1845 yildan beri Qirollik universiteti qishloq xo‘jaligi, innovatsiya va tadbirkorlik sohalarida mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Universitetimizning shiori — „Dalalar va jonivorlarga g‘amxo‘rlik qilish“. Biz butun dunyo bo‘ylab yerlar boshqaruvi va qishloq xo‘jaligi ta’limini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shib kelmoqdamiz», — dedi u.


«Universitetimizda ilm-fanning ilg‘or yutuqlari asosida turli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarga bilim beramiz. O‘ylaymizki, talabalar olgan bilimlarini o‘z ishlarida qo‘llay oladi va zamonamizning global muammolari, jumladan, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, pandemiya oqibatlari va boshqa ko‘p muammolarni hal qilishga hissa qo‘shadi», — dedi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminova.

O‘quv jarayoniga qo‘yiladigan dastur va talablar Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti tomonidan belgilanadi. Bitiruvchilarga Britaniya universiteti diplomi beriladi.

Universitetda agronomiya, agroiqtisodiyot, agrologiya, biotexnologiya, aqlli qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy etilgan. Oliygoh talabalarga zamonaviy kasblar bo‘yicha xalqaro darajaga ega bo‘lish imkonini beradi. Ular orasida: oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha menejer, eksport va import mutaxassisi, qishloq xo‘jaligida kompyuter texnologiyalari muhandisi va boshqalar bor.

Talabalar bilimlarini amaliyotda qo‘llashlari uchun bo‘lajak ish beruvchilar universitet, jumladan, klasterlar, savdo kompaniyalari va hududiy markazlar bilan hamkorlik qilishga taklif etiladi.