Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov haj va umra qiluvchi kishilar Alloh taoloning mehmoni ekani, ularga ko‘mak bergan, og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ savobga noil bo‘lishini eslatdi, deyiladi xabarda. Qayd etilishicha, «mamlakatda diniy erkinlik borasida yaratilgan qulayliklar samarasi o‘laroq», joriy yil haj ziyoratchilari soni 12 ming, umra qiluvchilar soni esa 40 ming nafardan oshdi.

Muloqotda haj va umra qiluvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, ibodatchilar uchun Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida yanada qulay sharoit hozirlashga doir taklif, mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar o‘tkazish, Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlariga Saudiya Arabistoni fuqarolari ziyoratini tashkil etish bo‘yicha bir qator amaliy takliflar, fikr-mulohazalar taqdim etildi.

«Davlatlarimiz yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlikni, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yangi bochqichga olib chiqdi, — deydi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia. — Hozir savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-ma’rifiy va turizm sohalaridagi o‘zaro manfaatli aloqalar yanada kengaymoqda. Shuni alohida urg‘ulashni istardimki, O‘zbekistonning mehmondo‘st xalqi, muqaddas va tarixiy qadamjolari doimo sayohat qiluvchilarni o‘ziga rom etadi. Arabistonliklar ham bu yerdagi qadim shaharlarni ko‘rish, muqaddas maskanlarni ziyorat qilishni istaydi. Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida ziyorat turizmi keng rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi».

Bugungi kunda O‘zbekiston diniy-ma’rifiy, tarixiy va madaniy aloqaga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni bilan munosabatni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatga, salohiyatga ega ekani qayd etildi.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonga tashrifi davomida yana bir qator manfaatdor vazirlik, idoralar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazadi. Ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, muborak qadamjolarni ziyorat qilish ham ko‘zda tutilgan.