Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov paxta terimidagi qonunbuzilishlarni tanqid qildi, deya xabar berdi O‘zA.

Xabarda qayd etilishicha, viloyatlar rahbarlari paxta terimida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilish to‘g‘risida alohida ogohlantirilgan.

«Shunga qaramay paxta terimi bo‘yicha har kuni ijtimoiy tarmoqlarda yangi-yangi xabarlar tarqalmoqda. Endi tadbirkorlardan, budjet tashkilotlarining oddiy xodimlaridan hasharchilarni jalb qilish uchun pul yig‘ish avjiga chiqayapti ekan. Bu holatlardan bitta xulosa qilish mumkin. Mazkur ish bilan shug‘ullanayotgan har qanday rahbarni hurmatli prezidentimiz siyosatlariga xiyonatkor deb baholash mumkin», — dedi Sardor Umurzakov.

Prezident Administratsiyasi rahbari Bosh prokuratura (Nig‘matilla Yuldashev) bunday holatlarga aloqador bo‘lgan shaxslarni xech ikkilanmay zudlik bilan jinoiy javobgarlikka tortishi kerakligini ta’kidladi.

«Hududiy prokurorlar bilan birgalikda bizga qonun ustuvorligini ta’minlab berishlaringiz kerak», — dedi u.

Shuningdek, Sardor Umurzakov klasterlar tomonidan ham salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilayotganligi to‘g‘risida ko‘plab e’tirozlar mavjudligini ma’lum qildi.

«Klasterlarga past narxda paxta sotishni xohlamagan fermerlarga tuman sektor rahbarlari tomonidan bosim o‘tkazilayotganini qanday tushunish mumkin?» — deb so‘radi u.

U bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga bu holatni ikki kun muddatda shaxsan o‘rganib, xalq orasida bunday noroziliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘ladigan sektor rahbarlari, klasterlar bo‘yicha taklif kiritishni topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tarmoqlarda paxta terishga turli soha xodimlari majburiy jalb etilayotganiga oid xabarlar tarqalgani haqida xabar bergan edik. Majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatdi. Majburiy mehnatga duch kelganlardan esa 1176 va 1092 ishonch raqamlariga murojaat qilish so‘ralmoqda.