Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasida qisman safarbarlik e’lon qilinganidan keyin Qozog‘istonga qancha rossiyalik kelganini ma’lum qildi, deya xabar berdi Tengrinews.kz nashri.

«Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 21 sentabrdan beri Qozog‘istonga 98 mingga yaqin rossiyalik keldi, 64 234 rossiyalik esa chiqib ketdi. IIN (individual identifikatsiya raqami — tahr.) olishga kelsak, 21 sentabrdan buyon bizdan 8000 dan sal ko‘proq norezidentlar IIN oldi», — deyiladi IIV xabarida.

«Hamma narsa nazorat ostida, migratsiya qonunchiligi ishlayapti, shuning uchun biz qonun buzilishi nuqtai nazaridan hech qanday anomal hodisalarni ko‘rmayapmiz», — deya xabar qildi IIV Astanadagi brifing chog‘ida.

Bir kun avval Qozog‘iston chegara xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Rossiya bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punkti yopilgani haqidagi ma’lumotni rad etib, chegaradagi vaziyatga izoh berdi. Chegara xizmati ham Rossiya tomonidan nazorat-o‘tkazish punktlari yopilgani haqida rasmiy ma’lumot olmaganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinganidan keyin ruslarning spontan migratsiyasida asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Rossiya Qozog‘iston bilan eng uzun chegaraga ega bo‘lib, unda 51 ta nazorat punkti bor.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turkiston viloyati aholisi bilan uchrashuvda Rossiyalik migranlar mavzusiga to‘xtaldi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

«Qozoq maqolida shunday deyilgan: „Qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar tinchlik garovidir“. Eng muhimi, qo‘shni davlatlar bilan kelishuvni saqlab qolamiz. Bundan hech nimani yo‘qotmaymiz», — dedi u.

«So‘nggi kunlarda bizga Rossiyadan ko‘plab odamlar kelmoqda. Ularning aksariyati yuzaga kelgan chorasiz vaziyat tufayli ketishga majbur. Biz ularga g‘amxo‘rlik qilishimiz va xavfsizligini ta’minlashimiz kerak. Bu siyosiy va gumanitar masala. Hukumatga zarur choralar ko‘rishni topshirdim. Bunday og‘ir vaziyatda biz eng avvalo insoniylik, sabr-toqat va tashkilotchilikni ko‘rsatishimiz kerak. Bizda inqiroz ham, vahima ham yo‘q», — dedi Qozog‘iston prezidenti.

«Xorijdan tashrif buyuruvchilarga yordam beriladi, lekin ular hech qanday imtiyozga ega bo‘lmaydi. Barcha ishlar qonun va majburiyatlarimizga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Biz Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib boramiz va bu muammoni mamlakatimiz manfaatlaridan kelib chiqib hal qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Toqayev.