JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha 12−35 yosh oralig‘idagi 1 mlrddan ortiq yosh avlod eshitish qobiliyatini yo‘qotish xavfi ostida. O‘zbekiston SSV «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bunga aynan to‘y-tomoshalar, ko‘ngilochar tadbirlarda baland ovozda musiqa eshitish sabab bo‘lmoqda.

Oliy toifali shifokor Shoira Abdusattorovaning so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddat yuqori darajadagi tovush ta’siri ostida bo‘lish eshitish qobiliyati pasaytiradi.

Masalan, hozirgi zamonaviy musiqa ishqibozi bo‘lgan yoshlarning 20 foizida eshitish qobiliyati 85 yoshli keksalar darajasiga tenglashib qolgan, dedi u.

Shovqin «detsibell» (dB) birligi yordamida o‘lchanadi. Odatda, 20−30 dB shovqin inson salomatligi uchun zararsiz. Biroq 80 dB va undan yuqori o‘lchov baland tovush hisoblanadi.

30 dBdan ortiq shovqin esa sog‘liqni izdan chiqarishga qodir. 150 dB chidab bo‘lmaydigan darajada og‘riq paydo qilsa, 180 dB darajadagi shovqin hatto metall buyumlarni ham mo‘rtlashtira oladi. ️Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtacha shovqinning maksimal darajasi 100 dBdan oshmasligi kerakligini aytgan.

Vazirlikning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha:

  • to‘y va konsertlarda tovush balandligining me’yori eng yuqori 110 dBgacha xisoblanadi, lekin tovush uzoq muddat 110−120 dBdan oshsa kuchli bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynish va bosh miya ichki bosimini oshishiga olib keladi.
  • Sanitariya qoidalari va me’yorlari normativlariga ko‘ra ko‘chalarda kunduzgi shovqin 55 dBdan, tungi shovqin esa 40 dBdan oshmasligi kerak.
  • Qurilish me’yorlariga binoan eng yuqori ko‘rsatkich 100 dBdan oshmasligi kerakligi belgilangan.
  • Ko‘chadagi mashinalar shovqini 80 dBni tashkil etishi lozim. Ushbu me’yorlar ham buzilganda inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.

Masalan, xafaqon kasalligiga uchragan bemorlarni qon bosimi oshishiga, kuchli bosh og‘rig‘iga olib keladi.

Qolaversa, baland tovush ko‘z ravshanligi va uning reflektiv faoliyatini pasaytirishi ham aniqlangan. Yuqori chastotali shovqin asab tizimining zo‘riqishiga olib keladi. Oqibatda inson toliqadi va noxush kayfiyatda bo‘ladi. Bora-bora yurakning faoliyati ham buziladi. Bu yurak-qon tomir kasalliklari, gipertenziya va hatto miokard infarktini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli shovqin inson umrini qisqartiruvchi omil sifatida baholanadi.

Bundan tashqari, yoshlar shaxsiy audioqurilmalardan foydalanganda ham ovoz balandligini imkon qadar cheklashlari zarur. Quloqchinlarning maksimal tovushi 95−120 dBgacha ko‘tariladi. Lekin eng optimal va inson salomatligiga zarar yetkazmaydigan tovush balandligi 85−95 detsibelgacha bo‘lishi kerak. Sababi 100 dBdan oshgan tovushlar uzoq vaqt eshitilganda inson sog‘lig‘iga salbiy zarar yetkazishi mumkin.

Shu sababli, quloqchinlarni faqat o‘ta zarur holatdagina ishlatish taviya qilinadi.