Vazirlar Mahkamasining 20 sentabrdagi qarori bilan «Idoralararo elektron hamkorlik va axborot almashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.uz.

Platforma orqali tijorat va boshqa xo‘jalik yurituvchi subektlar davlat organlarining ma’lumotlar bazalariga pullik asosda kirishi mumkin bo‘ladi.

Xususan, kirish uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Elektron hukumat» loyihalarini boshqarish markaziga (e-gov.uz) so‘rov yuborish lozim. Shundan so‘ng, ijobiy qaror qabul qilinganda markaz va foydalanuvchi o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Platformaga ulanish xavfsiz VPN tarmog‘i orqali amalga oshiriladi. Har bir so‘rov uchun asosiy hisoblangan qiymatning 0,1 foizidan 2 foizgacha (300 dan 6000 so‘mgacha) to‘lanadi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar olingan ma’lumotlarni shartnoma asosida boshqa foydalanuvchilarga taqdim etishlari mumkin.