24 sentabrdan Toshkent-Chirchiq-Hojikent yo‘nalishida tezyurar poyezd qatnay boshladi. U orqali Chirchiqgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 45 daqiqani tashkil etadi, deya xabar berdi «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi.

Poyezd Toshkent Janubiy vokzalidan jo‘naydi va poytaxtda ikki marotaba:"Shimoliy" va «Salar» vokzalida to‘xtaydi.

Hozir poyezd har shanba va yakshanba kunlari qatnayapti. «Qisqa muddatda yangi va zamonaviy elektropoyezdlar xarid qilinganidan so‘ng reyslar soni ko‘paytiriladi, shahar atrofidagi elektropoyezdlar ham ish kunlarida harakatlana boshlaydi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Kuni kecha xalq deputatlarining Toshkent viloyati kengashi sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtdan Bekobod, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l va Oxangaron yo‘nalishlariga zamonaviy elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.