Sportni rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston karate WKF federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bunga qadar Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari kotibiyati mas’ul xodimi bo‘lib ishlagan, «bungacha sport sohasida turli lavozimlarda samarali faoliyat olib borgan» Rashid Azatovich Talipov nomzodi O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi raisi lavozimiga delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Shu paytgacha federatsiya rahbari sifatida faoliyat olib borgan Alam Mullayev, shuningdek, Baxtiyor Nigmatullayev, Anvar Muhamedov, Saparmurod Djiyemurotov, Ilhom Mamadaliyev, Burxon Rahmonov hamda Dilnoza Bakirova rais o‘rinbosari, bungacha federatsiya ijrochi direktori lavozimida ishlagan Farruh Tashkentbayev federatsiya bosh kotibi etib saylandi. Shuningdek, tadbir davomida Ijroiya qo‘mitasi a’zolari ham shakllantirilib, tashkilotning yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlandi.

«Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Rashid Talipov yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirgan holda, yurtimizda karate sportini rivojlantirish yo‘lida astoydil xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, oldinda turgan yirik musobaqalar, jumladan, joriy yil dekabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini yuksak saviyada tashkil etishda barchani hamjihat bo‘lishga chaqirdi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karate federatsiyasining bir guruh rahbarlariga nisbatan hujjatlarni qalbakilashtirish va o‘ta yirik miqdorda budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan edi.