Toshkent shahri Chilonzor tumanida soxta shartnoma orqali uy-joy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, «Sh.X.» MCHJ rahbari Sh. A. fuqaro X.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki Sergeli tumani hududidan 9 qavatli turar-joy majmuasini qurayotganini aytib, ushbu turar-joy majmuasidan 89 kvadrat metrli xonadonni 480 mln so‘mga sotishga kelishgan.

U buning evaziga soxta shartnoma taqdim etib, 10 000 AQSh dollari va 130 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.