Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 sentabr kuni Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Faollar bilan suhbatda davlat rahbari Qirg‘iziston bilan chegara masalasidagi muzokaralarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Tasavvur qilinglar, avval Toshkent viloyatidagi chegaralarimizda minalar turardi. Odamlar qarindoshlarining na to‘yiga bora olardi, na azasiga. Shaxsan o‘zim nazorat qilib minalarni oldirdim. Hozir bemalol borib-kelishyapti», — deya prezident so‘zidan iqtibos keltirmoqda Xushnudbek.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlar minalarni olishda o‘rtada vositachi bo‘lishni taklif qilishgan. «lekin rad qildim. Chunki bunga o‘zimizning ham kuchimiz yetadi. Axir qo‘shnimiz bilan qanday qilib yomon bo‘lishimiz mumkin?!», — dedi davlat rahbari.

Qirg‘iziston bilan chegara masalasidagi muzokaralar yakuniga yetib, shartnoma imzolash arafasida ekanligi ta’kidlandi.

«Mana, kuni-kecha Qirg‘iz respublikasi prezidenti Sadir Japarov BMT minbarida O‘zbekiston chegarasiga oid shartnomani imzolashga tayyorligini ma’lum qilibdi. Bu bejizgamas. Chunki biz 1 yarim yil davomida katta muzokaralar o‘tkazdik, oson bo‘lgani yo‘q. Bir qarich yer ham barcha davlatga muhim. Mustahkam do‘stligimiz uchun oxiri kelishuvga erishdik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.