19 sentyarbr kuni Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Afg‘oniston davlatlari o‘rtasida tovarlar yetkazib berishni jadallashtirish va logistika infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida birinchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

Ayni paytda «Qashg‘ar-O‘sh-Andijon-G‘alaba-Hayraton» yangi tranzit yo‘nalishi bo‘yicha 12 dona 40 futlik konteynerdan iborat birinchi poyezd O‘zbekiston hududi orqali yo‘lga chiqdi. O‘zbekiston mamlakat orqali tashishda 70 foizlik chegirma taqdim etdi. Boshqa ishtirokchi davlatlar tomonidan esa 50 foizgacha bo‘lgan tarif imtiyozlari berildi.

«Yuk tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, maishiy texnika va xo‘jalik ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan mahsulotlar kiradi. Tovarlar Xitoy tomonidan konteynerlarga shakllantirilib, O‘sh vokzalida O‘zbekistonga tegishli fitting platformalariga ortilgan. Poyezdning so‘nggi manziliga temir yo‘l orqali yetib kelishi ikki kundan keyin rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu multimodal yo‘nalish bo‘yicha pilot loyihaning barcha nuanslari ishlab chiqilgandan so‘ng, birgina Afg‘oniston yo‘nalishidagi yuk aylanmasi yiliga 4000 dan ortiq konteynerni tashkil qiladi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Afg‘oniston» yangi multimodal yo‘lagi bo‘ylab yuk tashish Qashg‘ar temir yo‘l vokzalidan (Xitoy) O‘sh temir yo‘l vokzaliga (Qirg‘iziston) avtomobil yo‘li orqali, so‘ngra O‘zbekiston orqali Mozori Sharif vokzaliga qadar amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonda bosh ekspeditor «O‘ztemiryo‘lkonteyner» aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.