2022 yilning 1 iyulidan boshlab shahodatnoma dublikatini masofadan turib olish xizmati yaratildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Yangi xizmat doirasida qator qulayliklar joriy etilmoqda. Jumladan:

  • shahodatnoma dublikati endi 5 kunda beriladi (avval oylab kutilgan);
  • shahodatnoma dublikatini olish uchun ariza bevosita my.gov.uz portali orqali yuboriladi va dublikat elektron shaklda portal orqali beriladi (avval ariza berish uchun ham, hujjatni olib ketish uchun ham maktabga kelingan);
  • ariza onlayn shaklda, inson omilisiz qabul qilinadi, shaxsiy ma’lumotlar avtomatik tarzda boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinadi va boshqa hech qanday hujjat so‘ralmaydi (avval maktabga 5 tagacha hujjat taqdim etilgan: ariza, hujjat yo‘qolgani haqida gazeta e’loni, topilmalar idorasidan ma’lumotnoma, pasport nusxasi, familiya o‘zgargani haqida FHDYO bo‘limlaridan ma’lumotnoma).

Bugungi kunga qadar 8 mingdan ortiq fuqarolar mazkur xizmatdan foydalanib shahodatnoma dublikatini masofadan olishga ulgurdi. Hujjat dublikati elektron shaklda berilgach, maktabdan berilgan attestat o‘z kuchini yo‘qotadi.

“Maktab va u yerda kechayotgan har bir jarayon barchani birdek qiziqtirishi, tabiiy. Zero, deyarli har bir xonadonda maktabda tahsil oladigan o‘quvchi yoki shu sohada mehnat qiladigan xodim bor. Shunday ekan, xalq ta’limi tizimi sohasida aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini imkon qadar shaffof, tezkor va sifatli amalga oshirish juda muhimdir”, — deb yozadi vazirlik vakili.

Bundan tashqari, xalq ta’limi tizimida davlat xizmatlarini yanada kengaytirish “insonlar emas, hujjatlar harakat qilishi kerak” tamoyilini kengroq joriy qilish maqsadida joriy o‘quv yilida yana 3 ta xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Bular o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish, xorijiy fuqaro farzandlarini maktabga qabul qilish, eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalarini topshirish uchun ariza berish xizmatlaridir.

“Xalq ta’limi tizimiga oid davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida ko‘mak berish hamda tegishli savollarga javob berish maqsadida maxsus bot @Xtv_davlatxizmatlari_bot faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yurtdoshlarimiz Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xalq ta’limiga oid muammolarga duch kelishgan taqdirda mazkur botga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.