Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda ichki va tashqi turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida hamma viloyat, shahar va tumanlarda sayyohlar boradigan joylarni ko‘paytirish kerakligi qayd etildi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

«Har bir hokim o‘ziga shunday savolni bersin: „mening viloyatim, shahar va tumanimga sayyohlar qayerga va nimani ko‘rishga keladi?“ Qaysi hokim shu savolga to‘g‘ri javob topib, turizm dasturlarini qilsa, albatta o‘zgarish bo‘ladi», — dedi prezident.

Har bir viloyat hokimiga ichki va chetdan turist jalb qilish bo‘yicha o‘zining «turistik halqasi»ni tashkil etish bo‘yicha loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Eng yaxshi loyihalarga tanlov asosida 20 mln dollargacha kredit ajratiladi.

Shuningdek, prezident Markaziy bankka berilgan 1 trln so‘mlik kredit resurslarini ajratish, yil yakuniga qadar yana qo‘shimcha 100 mln dollar xorijiy kredit liniyalarini jalb qilish topshirig‘i bo‘yicha mablag‘lar hali tadbirkorlarga yetib bormaganini tanqid qildi.

Agar 1 trln so‘m mablag‘lar tijorat banklariga joylashtirilmasa, Markaziy bank rahbariyatiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi aytildi.

Yig‘ilishda 1 noyabrgacha turizm xizmatlari uchun 100 mimlnllion dollarlik kredit liniyasini ochish, yil yakuniga qadar kelgusi yil uchun yana qo‘shimcha 100 mln dollar jalb qilish topshirildi.

Shuningdek, mutasaddilarga:

  • barcha suv omborlari, o‘rmon xo‘jaligi yerlarini o‘rganib, ularda turistik zonalar tashkil etish bo‘yicha dastur ishlab chiqish;
  • bojxona-chegara punktlaridan tezkor o‘tkazish xizmatini yo‘lga qo‘yish, turistik axborot markazlarini ishga tushirish bo‘yicha taklif kiritish;
  • Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazmning cho‘l hududlarida «safari» turizmini rivojlantirish maqsadida yo‘l tanlamas transportlar uchun import to‘lovlarini tushirish taklifini kiritish topshirildi.