Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti davom etmoqda. SHHTda ishtirok etayotgan barcha mamlakatlarning yetakchilari O‘zbekistonga keldi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazida daraxtlar ekdi.



«Sharq xalqlari qadriyatiga ko‘ra, daraxt ekish — xayrli ish. Mamlakatlarimiz yetakchilari birgalikda ekkan daraxtlar ham SHHT mamlakatlarining do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, taraqqiyot va ravnaq sari mushtarak intilishlari ramzidir», — deyilgan matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbarlari birgalikda «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazidagi «Boqiy shahar» majmuasiga bordi.

«Ushbu majmuada qadimiy shaharlarimiz qiyofasi, milliy an’analarimiz bilan birga do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan. Xususan, Afrosiyob yodgorligi devorlarida saqlanib qolgan Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan. Bunday ma’no-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi», — deyilgan xabarda.



Shu yerda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar yetakchilarining tashrifi sharafiga O‘zbekiston prezidenti nomidan qabul marosimi o‘tkazildi.

Davlat rahbarlari o‘rtasida muloqot bo‘ldi. Ular Samarqand sammiti yuksak saviyada o‘tayotgani, bugun ikki tomonlama uchrashuvlarda muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.


Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasidagi asosiy tadbirlar 16 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.