Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 sentabr kuni tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Tashrifning birinchi kunida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilinadi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatni imzolash ko‘zda tutilgan.

16 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.

Rossiya prezidentining Samarqandda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Eron prezidenti Ibrohim Raisi, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Xitoy raisi Si Szinpin bilan o‘chrashuv o‘tkazadi.

Shuningdek u Rossiya-Mo‘g‘uliston-Xitoy uch tomonlama sammitida ishtirok etadi.

16 sentabr kuni Putin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.