Senat raisi Tanzila Narbayeva Shaffof qurilish tizimi faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqish vaqti kelganini ta’kidladi. U mazkur mavzuga 13 sentabr kuni Senatning 32 yalpi majlisida to‘xtalib o‘tdi.

Dastlab senator Botir Matmuratov qurilish sohasida Samarqand viloyatida yaratilgan 1300 ta ish o‘rnida aholi bandligi o‘z tasdig‘ini topmagani, Shaffof qurilish platformasiga joylashtirilgan loyihalarda rejalashtirilgan ish o‘rinlari va amaldagi ishchilar sonida nomutanosibliklar kuzatilgani haqida gapirdi.

Botir Matmuratov. Foto: Senat matbuot xizmati.

«Masalan, Samarqand viloyatida investitsiya dasturi doirasida ijtimoiy soha obyektlari qurilishiga jalb etilgan bitta korxona 5 ta obyekt bo‘yicha tender loyihasiga ko‘ra, jami 200 dan ortiq ish o‘rni yaratishi lozim bo‘lsa-da, amalda buning yarmi tashkil etilgan, holos. Pudrat korxonalari qurilish boshlangandan so‘ng o‘z loyihalarida belgilangan ish o‘rinlarini amalda ta’minlamasligi nima bilan bog‘liq? Axir bu ularni tender g‘olibi deb topish uchun asosiy ko‘rsatkichlardan biri emasmi, vazirlik buni qandaydir nazorat qiladimi?», — dedi qurilish vaziri o‘rinbosari Shukrullobek Jahongirovga murojaat qildi senator.

Vazir o‘rinbosari esa qurilish sohasida xususiy sektor asosiy rol o‘ynashini aytib, Shaffof qurilish tizimida nima uchun ishchilarning, xizmatchilarning ro‘yxati olinmaydi, degan savolga javob berdi.

Shukrullobek Jahongirov. Foto: Senat matbuot xizmati.

«Shaffof qurilish — bu asosan, Soliq qo‘mitasi yoki Mehnat vazirligidan integratsiya orqali ma’lumot oladi va umumiy ma’lumotni kiritadi. Qurilish vazirligi tomonidan ishchilarni ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishga undash tariqasida reyting kiritilgan. Ya’ni, [pudratchi] ishchi soni va ularga to‘lanayotgan oylikning o‘rtacha qiymati qanchalik yuqori bo‘lishiga qaragan holda reytingda yuqori o‘rinlarni oladi. Samarqand holatiga keladigan bo‘lsak, viloyatda SHHT sammiti doirasida juda ko‘p quruvchilarimizning reytingi ko‘tarildi. Sababi, aytganimizdek, rasmiy ishchilarni ro‘yxatga olish boshlandi. Boshqacha qilib aytganda, sekin-sekinlik bilan Shaffof qurilish tizimi orqali rasmiy ro‘yxatga olishga undash va shunga chaqirish ustida ishlamoqdamiz», — dedi vazirlik vakili.

Senat raisi Tanzila Narbayeva esa tizimini tanqid qildi.

«Shaffof tender tizimi qaror bilan belgilangan, to‘g‘rimi? Misol uchun bitta obyektni yutgan qurilish tashkiloti qurilishini tugatmasdan boshqa obyektni ham yutib oladi. 15 talab obyektni yutib olgan firmalarni bilamiz-da. Birinchidan, bu sifatsiz qurilishga olib kelayapti. Ikkinchidan, mana shunaqangi ish o‘rinlarini yaratishda ham xar hil muammolar kelib chiqayapti. Shuning uchun, shaffof tender yo‘nalishida ishlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilmadimi? Qanday qilib bitta firma 15 tadan, 20 tadan obyektni yutib olishi mumkin? Qanaqa qilib ishini yakunlamasdan, topshirmasdan, odamlarni rozi qilmasdan yana boshqa obyektni yutib olaveradi? Qanaqa qilib? Qanaqa yondashuv?», — deya savol bilan yuzlandi Senat raisi.

Qurilish vaziri o‘rinbosari buning oldini olish maqsadida yangi tizim joriy etilishini aytib, tenderda obyekt olishda limit o‘rnatilishini qayd etdi.

«To‘g‘ri aytyapsiz, bu bo‘yicha nafaqat bir viloyat — Samarqand yoki Navoiy, boshqa viloyatlarda ham juda ko‘plab holatlar kuzatilmoqda. Hattoki, 30 talab qurilish obyektlarini olgan quruvchi pudratchilarimiz bor. Bu bo‘yicha hozirgi kunda alohida qaror loyiha ishlab chiqilmoqda. Ya’ni, -5 deb aytiladi, quruvchilarimiz juda yaxshi bilishadi. Har bir olgan obyekti uchun reytingdan -5 ball olinadi. Buning oqibatida 30−40 talab obyekt oladigan pudratchi tashkilotlar 5 ta yoki maksimum 10 ta olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ya’ni, limit o‘rnatiladi. Limit esa balning qisqarishiga olib keladi va natijada yuqori yoki katta obyektlarni ololmasdan borgan sari reytinggi pastga tushib ketaveradi. Bu hozirgi kunda muhokamadan o‘tdi, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahqamasiga kiritilgan», — dedi Shukrullobek Jahongirov.

Senat raisi esa buni tezlashtirib, sifat hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish kerakligini yana bir bor aytib o‘tdi.

«Bitta tashkilot shuncha ishni qanchalik eploladi? Buni nazoratdan olmaymiz, bizga bu savolga yana qo‘shimcha javobni berasizlar, qarorimizga ham bu masalani kiritamiz», — dedi Tanzila Narbayeva.