12 sentabr kuni Toshkent aeroporti hududida auksion orqali g‘olib deb topilgan Bobur Diyor kompaniyasi taksi xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Taxi Airport Tashkent stikerlari tushirilgan katta va keng yukxonaga ega yangi avtomobillar yo‘lovchilar uchun bir nechta tariflarni joriy qildi. «Gazeta.uz» aeroport hududida bo‘lib yangi avtoturargoh va taksi xizmati faoliyati bilan tanishdi.

Mijozlarni birinchi qatorda «Komfort» tarifidagi avtomobillar kutadi. Boshqa tariflardagi avtomobillar ikkinchi qatorda turadi yoki yo‘lovchining iltimosiga binoan xizmat ko‘rsatiladi.




Foydalanish tartibi

Yo‘lovchilar uchib kelish zalida o‘rnatilgan peshtaxta oldiga kelib, borish manzilini aytadi. Menejer tarif bo‘yicha kilometrni hisoblab chiqadi va to‘lash uchun summani aytadi. Agar narx yo‘lovchiga to‘g‘ri kelsa, to‘lov (naqd yoki bank kartasi orqali) qiladi. Manzili va to‘langan summasi ko‘rsatilgan kvitansiya bilan terminaldan chiqib, birinchi turgan taksiga o‘tiradi. Shuningdek, yo‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri peshtaxtani chetlab o‘tgan holda birinchi turgan mashinaga o‘tirib, taksi xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Terminal oldiga faqat Taxi Airport Tashkent xizmati kira oladi. Boshqa barcha taksilar, shu jumladan agregatorlar (Yandex, MyTaxi va boshqalar) orqali ishlaydigan taksilar avtoturargohlar oldidan yo‘lovchilarni olib ketishlari mumkin. Yo‘lovchi o‘z haydovchisini tezda topishi uchun uzoqdan ko‘rinadigan katta belgi o‘rnatiladi, bu taksi va yo‘lovchining uchrashadigan joyi ekanligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiyadan so‘ng uchta avtoturargoh ochildi. Uchib ketish zali oldidagi avtoturargoh sig‘imi 214 tadan 333 taga kengaytirildi. Soyabonlar va savdo shoxobchalari olib tashlanishi, shuningdek, avtobuslar va taksilar uchun yurish liniyasining qayta konfiguratsiyasi hisobiga ushbu hudud kengaytirildi.

Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushadi.

Uchib kelish zali oldida 175 o‘rinli yangi avtoturargoh qurildi va mavjud 122 o‘rinli avtoturargoh rekonstruksiya qilindi. Umuman olganda, aeroport oldi hududining yangi loyihasiga asosan avtoturargohlardagi joylar soni 187 foizga — 336 tadan 630 tagacha ko‘paytirildi. Ketish va kelish zallari orasidagi yopiq avtoturargoh mehmonxonaga va mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun ajratiladi.


Uzbekistan Airports axborot xizmati xodimi Ahmadjon Orifjonovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya aeroportga kirish/chiqish va to‘lovlarni qabul qilish imkonini beruvchi avtoturargoh tizimini xarid qildi. Mablag‘lar avtomatlashtirilgan onlayn kassa terminalida naqd pulda, shuningdek, bank kartalari va mobil to‘lov ilovalari orqali qabul qilinadi.

Avtoturargohni oldindan band qilish hamda masofadan turib to‘lovlarni amalga oshirish uchun mobil ilova ham bo‘ladi. Shu bilan birga, «Toshkent» aeroporti hududidagi avtoturargohlar elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalari bilan jihozlanadi. Uskunalarni o‘rnatish va tizimni sozlash SHHT sammiti yakunlanganidan so‘ng boshlanadi. Avtomatlashtirilgan avtoturargoh 1 oktabrdan to‘liq ishga tushadi. Ungacha avtoturargohlar sinov rejimida ishni davom ettiradi.

Boshqaruv kompaniyasi to‘xtash joyi lokatsiyasi va to‘xtab turish davomiyligini (soat, kun) hisobga olgan holda tariflar o‘rnatdi.

Bunda:

  • eng yaqin uchta avtoturargohda bir soat (uchib kelish, uchib ketish, IBK «Toshkent-AERO») turish 10 000 so‘m.
  • olisdagi uchta avtoturargoh uchun («Uchish kompleksi», «Ruxsatnomalar berish byurosi» va «Yashil zona») — 5 000 so‘m.
  • barcha avtoturargohlarda dastlabki 10 daqiqa bepul.
  • estakada yopiq bo‘lsa, taksilar, shuningdek, shaxsiy avtomobillar yoki turistik avtobuslar uchib ketish zalidagi to‘xtash joyiga mutlaqo bepul kirib, yo‘lovchini qoldirishlari mumkin.
  • kunlik to‘lov eng yaqin avtoturargohlarda 100 000 so‘m, olisdagi avtoturargohlarda 50 000 so‘m.

Keltirilishicha, yil oxirigacha kutib oluvchilar uchun sharoit yaratish rejalashtirilgan — mavjud soyabonlar o‘rniga o‘rindiqlarga, kofe burchaklariga, chakana savdo nuqtalariga va qulay harorat rejimi ta’minlangan inshoot o‘rnatiladi.


Toshkent aeroportining mahalliy va xalqaro aviaqatnov terminallari o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. UzPort stikerli avtobus har kuni soat 05:00 dan 23:30 gacha xizmat ko‘rsatadi. Xalqaro aviakoqatnovlar terminalida avtobus jo‘nab ketish zali yonidagi to‘xtash joyida avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lak bo‘ylab harakatlanadi, mahalliy terminalda esa kirish eshigi yonigacha boradi. Avtobus xizmatlaridan barcha hohlovchilar mutlaqo bepul foydalanishi mumkin.