15−16 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 22-majlisi nafaqat haftaning, balki butun yilning eng muhim siyosiy ahamiyatga ega tadbiri hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kungi an’anaviy brifingda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Tadbirda 8 ta a’zo mamlakat — O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat — Belarus, Eron, Mo‘g‘iliston va 4 ta mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat — Turkiya, Ozarbayjon, Turmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Shuningdek, Sammitda qatnashish uchun BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), YUNESKO, MDH, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari taklif etilgan.

Avval tashkilotga a’zo davlatlar yetakchilarining tor doirada majlisi, so‘ng barcha delegatsiyalar ishtirokidagi kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham ko‘zda tutilgan.

«Alohida ta’kidlab o‘tish lozim, mazkur tashkilot doirasidagi hamkorlik mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib, so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistop rezidenti tomonidan SHHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surildi. Shulardan 33 tasi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, 17 tasi Samarqand sammiti davomida amalga oshirilishi kutilmoqda. Qolgan 4 tasi esa hozirgi vaqtda tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda», — dedi Sherzod Asadov.

O‘zbekistonning 2021−2022 yillarda mazkur tashkilotga raisligi davrida barcha hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Sammit pandemiyadan so‘ng ilk bor barcha a’zo davlatlar, kuzatuvchi hamda mehmon sifatida taklif etilgan mamlakatlarning to‘liq ishtirokida yuzma-yuz formatda o‘tkazilayotganligi yetakchilar o‘rtasida mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha, ayniqsa, joriy xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda ishonch ruhidagi fikr almashishini tashkil etish imkonini beradi.

«Keng ko‘lamda olib borilgan chora-tadbirlar samarasida bo‘lajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shubhasiz, Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri SHHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida SHHTga a’zolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda», — deya ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisining rasmiy vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirda qabul qilinadigan muhim hujjatlardan biri bu — SHHTga a’zo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani 2023−2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha Keng qamrovli rejadir.

Ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va SHHTga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab olgan va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ayniqsa, asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilgan. Masalan, investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga mas’ul idoralar belgilangan.

Bundan tashqari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlar a’zoligini kengaytirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinadi.

Sammitning asosiy hujjati bu — a’zo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha mujassamlashgan pozitsiyalari o‘z ifodasini topgan Samarqand deklaratsiyasi. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan.

Shuningdek, Samarqanddagi sammit doirasida SHHT bilan Arab davlatlari ligasi, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari — ESKATO va YUNESKO o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan.