Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 142-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ichki ishlar boshqarmasi xodimlari o‘quvchilarga sochlari uzun bo‘lgani uchun tanbeh berdi. Holat aks etgan video 10 sentabr kuni Facebook dagi «Potrebitel.uz» guruhiga joylandi.

Postda foydalanuvchilar IIB xodimi qaychi ushlab turgan holda o‘quvchilarning sochlarini olish taklif qilganini yozgan. Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi esa ota-onalardan farzandining maktabini tanqid qilmasliklarini so‘radi.

«Foto va videoda maktab direktori tuman IIB xodimi bilan birgalikda o‘quvchilarga „Sochingizni 2 santimetrgacha qisqartirmasangiz, buni o‘zimiz qilamiz“ deb qo‘rqitayotganini aniq ko‘rishingiz va eshitishingiz mumkin. Bu holat qanday ko‘rinishi ularga qiziq emas. Qachongacha bu tartibsizlik davom etadi?» — deb so‘raydi post muallifi.

«Sochingizni tekinga kaltalaymiz, lekin dahshatli qilib. Chunki biz sartarosh emasmiz. Sochni kesamiz va normal ko‘rinishda o‘qishga kelamiz. Agar dushanba kuni sochlaringiz odatdagi shaklda bo‘lmasa, xafa bo‘lmang. Meni eshitdingizmi?», — deya gapirgan direktor videoda.

Shuningdek, u ko‘k ko‘ylak kiygan bolaga qarata forma so‘ragan. O‘quvchining har kuni, hatto kuni kecha ham jismoniy tarbiya darsida qolib ketdi, deya aldaganini, vaholanki ertalab ko‘k ko‘ylakda kelganini gapirgan.

sentabr oyi boshida ham maktablarda IIB xodimlari tomonidan reydlar o‘tkazilayotgani, o‘quvchilarning uyali aloqa vositalari tekshirilayotgani (odatda, bunday hollarda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga xabar berilmaydi) aytilgandi. IIBB ushbu holatga munosabat bildirmagan. Garchi qonun har bir bolaning erkinligi, shaxsiy va yozishmalarining daxlsizlik huquqini kafolatlasa-da, bu kabi xabarlar muntazam ravishda uchrab turadi.

Rasmiy tashkilotlarning munosabati

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, 142-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 10 sentabr kuni soat 08:30 larda maktab rahbariyati va voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixologlar ishtirokida o‘quvchilar o‘rtasida «Davomat» va «Tig‘» tadbirlari bo‘yicha profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

«Profilaktik tadbir jarayonida 11-sinf o‘quvchisi yonida g‘ilofsiz holda kansellyariya qaychisini olib yurgani aniqlangan. Maktab o‘quvchilariga sovuq qurol, jumladan o‘tkir tig‘li buyumlarni olib yurish taqiqlangani, kanselyariya qaychisini darsda foydalanish uchun g‘ilofga solingan holda sumkada olib yurish mumkinligi tushuntirilgani aks etgan foto ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Shuningdek, profilaktik suhbat jarayonida maktab direktori tomonidan o‘quvchilarga maktabda kiyim kiyish qoidalari, tashqi ko‘rinishga ahamiyat berish kerakligi tushuntirilgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi o‘z bayonotida internet foydalanuvchilarini «odob-axloqqa oid suhbat» aks etgan foto va videogi noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblagan.

Xabarda aytilishicha, suhbat darsdan so‘ng (Toshkent shahar IIBBga ko‘ra dars oldidan) ma’naviyat xonasida bo‘lib o‘tgan. Unga ta’lim muassasasi direktori M.Maraimova, ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari V.Xusanova hamda sinf rahbarlari birgalikda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarorining 3-bobida keltirilgan talablariga rioya qilmagan (odob-ahloq qoidalari, ta’lim dargohida o‘zini tutish tartiblarini buzgan, sochi 2−3 santimetrdan uzun bo‘lgan) yuqori sinf yigitlari taklif etilgan.

Yuqori sinf o‘quvchilari bilan maktab direktori hamda profilaktika inspektor-psixologi tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilgan. Shuningdek, inspektor-psixolog tomonidan maktabning yuqori sinf o‘quvchilari orasida «Tig‘» tadbiri ham o‘tkazilgan.

«Afsuski, buni ayrim o‘quvchilarning ota-onasi noto‘g‘ri talqin etib, ijtimoiy tarmoqlarda foto va videolarni joylagani ma’lum bo‘ldi. Ta’lim muassasalarida farzandingizning saboq olishi bilan birgalikda uning xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘rilayotgan bu kabi choralarning nimasi yomon?! Yoki bu kabi tadbirlarni noto‘g‘ri talqin qilib, ustoz va pedagoglar sha’niga, o‘z farzandi tahsil olayotgan maktab haqida salbiy fikrlar uyg‘otishga urinishdan qanday foyda ko‘rish mumkin?! Agar siz rostdan farzandingiz taqdiri, kelajagi haqida qayg‘ursangiz maktab ma’muriyati yoki o‘g‘il-qizingiz sinf rahbari bilan bog‘lansangiz xursand bo‘lardik», — deya murojaat qilgan shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi.

Shuningdek, boshqarma sohani rivojlantirish uchun davlat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlarni ko‘rib ko‘z quvnashini, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida qilinayotgan ishlarda ba’zi kamchilik va nuqsonlar ham kuzatilayotganini, yuksak natijalarga esa bir-ikki yilda erishib bo‘lmasligini, agar ota-onalar ham pedagoglar bilan yonma-yon turib, ta’limdan tashqari ko‘proq farzandlar tarbiyasi xususida qayg‘ursa, ayni muddao bo‘lishini qayd etgan.

Maktab o‘quvchilarining tashqi qo‘rinishi qanday hujjatlar bilan tartibga solinadi?

O‘quvchilarning maktab formasi va tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan talablar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qarori bilan tasdiqlangan.

Unda aytilishicha, o‘g‘il bolalarga soqol qo‘yish, pirsing va tatuirovka qilish, uzun soch o‘stirish (2−3 sm dan ortiq) va ularni yorqin ranglarga bo‘yash taqiqlanadi.

Qizlarga pirsing va tatuirovka qilish, sochlarini yorqin ranglarda bo‘yash, yorqin bo‘yanish, manikyur qilish, tirnoq o‘stirish, bir nechta sirg‘a taqish va barmoqlariga uzuk taqish taqiqlanadi.

Hujjatda, shuningdek, qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik ham ko‘rsatilgan, ammo u faqat forma kiyish bilan bog‘liq holatlar uchunligi aytilgan. Talablarga rioya qilmaslik ta’lim muassasasining ichki tartib qoidalarini buzish hisoblanadi. Buning uchun o‘quvchi uchun ogohlantirish, kundalikka eslatma, ota-onalarni xabardor qilish va ota-onalar ishtirokidagi yig‘ilishlarda muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

2020-yil fevral oyida internetda maktab o‘quvchilarining soch uzunligi chizg‘ich bilan o‘lchanadigan fotosuratlar tarqaldi. O‘shanda sobiq xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov (hozirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri) hech bir hujjatda soch uzunligini chizg‘ich bilan o‘lchash bo‘yicha ko‘rsatma yo‘qligini ta’kidlagandi. Shuningdek, u ta’lim sifatini oshirishga ham xuddi shunday g‘ayrat ko‘rsatishni maslahat bergandi.