Yangi o‘quv yilidan mamlakatning barcha hududlaridagi 225 ta umumta’lim maktablar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun o‘z eshiklarini ochadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) Toshkentdagi vakolatxonasi buni mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan qadam deb atadi. Bu prezidentining 2020 yil 13-oktabrdagi 4860-son qarori bilan tasdiqlangan 2020−2025 yillarga mo‘ljallangan xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

“Biz butun mamlakat bo‘ylab inklyuziv ta’lim yo‘lidagi bu ilg‘or qadamni olqishlaymiz. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, inklyuziv ta’lim barcha bolalar uchun foydali bo‘lib, ta’lim natijalarini yaxshilashda katta imkoniyatlarni taqdim etadi”, — dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda nogironligi bo‘dgan bolalar ko‘pincha alohida muassasalarda o‘qitiladi. 2020 yilda bunday bolalar maxsus muassasalarda tarbiyalaniyotganlarning 75 foizini tashkil etgan. Taxminan 9700ta nogironligi bo‘lgan bolalar maktab tizimida emas.

Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatdiki, inklyuziv ta’limni joriy etish ta’lim sifatini yaxshilashning kalitidir. Inklyuziv ta’lim bolalarga yo‘naltirilgan (o‘quv dasturlariga emas) va har bir bolaning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan bolalarning ehtiyojlariga javob beradigan pedagogikani qo‘llash orqali barcha bolalar uchun yaxshiroq ta’lim natijalarini ta’minlaydi.

Portugaliya kabi mamlakatlarda nogironligi bo‘lgan maktab yoshidagi bolalarning 98% dan ortig‘i oddiy maktablarda o‘qishi tufayli ta’lim sifati keskin yaxshilangan. Norvegiyada har bir o‘quvchiga moslashtirilgan ta’lim, shuningdek, umumiy bolalar bog‘chalari va maktablarida taqdim etiladigan maxsus ta’lim xizmatlaridan yaxshi natijalar kutilmoqda. Har ikki davlat ham Xalqaro talabalarni baholash dasturi (PISA) kabi xalqaro ta’limni baholash tizimida eng yaxshi natijalarga erishganlar qatoriga kiradi.

“Bundan tashqari, inklyuziv sinflar xilma-xillikni anglashga va har bir inson turli kuchli va zaif tomonlarga ega ekanligini tushunishga yordam beradi. Nogironligi bo‘lgan bolalar, har qanday bola kabi, ularning salohiyatini to‘liq rivojlantirish uchun qo‘llab-quvvatlansa, jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shishi mumkin. Bolalar boshqacha bo‘lish oddiy hol ekanini tushunib boradilar, o‘zlarini yanada qulay va xavfsiz his etadilar. Ular, shuningdek, turfa dunyoda yashash qobiliyatini rivojlantiradilar hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasi yuqori bo‘lgan va o‘z jamoalarini yaxshilashga tayyor bo‘lgan faol fuqarolar bo‘lib yetishadilar”, — deya qayd etgan UNICEF.

Butun dunyo bo‘ylab bolalar maktabga qaytar ekan, 10 yoshli bolalarning uchdan ikki qismi oddiy matnni o‘qiy olmasligi xavotirli holatdir. Bunday sharoitda maktabdagi barcha bolalar, jumladan nogironligi bo‘lgan bolalar kabi ko‘pincha ajratib qo‘yiladigan guruhlar uchun ta’lim sifatini oshirish zarurati kuchaymoqda.

Xususan, UNICEF hamkorlari bilan barcha bolalarga, jumladan, ajratib qo‘yilgan bolalarga bilim va ko‘nikmalarini oshirishlari uchun asosiy ta’lim bo‘yicha harakatlar majburiyatini ishlab chiqdi va hukumatlarni bu borada shoshilinch choralar ko‘rishga chaqiradi.

“225 ta maktab o‘z eshiklarini nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ochishi barcha bolalar sifatli ta’limga ega bo‘lishlarini ta’minlashda qat’iy va muhim qadamdir. Biroq mazkur majburiyatning muvaffaqiyatli bajarilishini ta’minlash barchaning mas’uliyatidir: oilalar o‘z farzandlarini maktabga olib borishlari, mahalla rahbarlari nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan stigma va kamsitishlarga chek qo‘yishda faol bo‘lishlari, maktablar esa bu bolalarni kutib olishga tayyor bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Munir Mamedzade.

Bu yil UNICEF Xalq ta’limi vazirligiga ushbu namunaviy maktablarda har bir o‘quvchi uchun yuqori sifatli ta’limni ta’minlaydigan yangi inklyuziv maktablarni modellashtirishda yordam beradi. 2018 yildan beri UNICEF Xalq ta’limi vazirligini ko‘nikmalarga asoslangan, inklyuziv va gender masalalarini inobatga olgan yangi o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Hozirda tashkilot ko‘magida o‘qituvchilar uchun yangi qo‘llanmalar ishlab chiqilmoqda.