Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yozda tarbiyalanuvchisi cho‘kib ketgan 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining barcha mansabdor shaxslari va boshqa xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “d” bandi hamda 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda 6 sentabr kuni O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

21 iyul kuni soat taxminan 08:30 larda Abdupattoyev Muhammad Akbarni katta opasi 23-sonli MTT tarbiyachilari ixtiyoriga olib kelib tashlab ketgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, u bolalar bog‘chasi hududidan chiqib, opasining orqasidan yugurgan va sirpanib, uyi yaqinidan oqib o‘tuvchi “Sobirjon” daryosiga yiqilib tushgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish jarayonida bola bog‘cha hududidan bir necha bor ruxsatsiz chiqib ketgani, biroq bog‘cha xodimlari buni yuqori idoralardan yashirib, bundan hech qanday xulosa chiqarmagani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, tekshiruv davomida ushbu tashkilot rahbari va xodimlari kasbiy faoliyati jarayonida qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan.

“Yuqoridagi holatlar inobatga olinib, tashkilot pedagoglari va rahbarining ehtiyotsizligi hamda loqayd munosabati bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani, shuningdek, ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarining faoliyatini tashkil etishda bir qator boshqa huquqbuzarliklar aniqlandi va barcha materiallar zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi”, — deyiladi xabarda.

Maktabgacha ta’lim vazirligi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari mudirlarini, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlarini, pedagoglar, tarbiyachilar va tarbiyachilar yordamchilarini tarbiyalanuvchilarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish va o‘z kasbiy majburiyatlariga beparvo ravishda qarash oqibatida bolaning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi yoki o‘limiga sabab bo‘luvchi hodisalar yuz bersa, huquqni muhofaza qilish organlar bilan yaqin hamkorlikda belgilangan tartibda eng qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.

Shu bilan birga, ota-onalarga ham tarbiyalanuvchilarni MTTga qabul qilish va tark etish qoidalariga rioya qilishlari kerakligi eslatib o‘tildi. Bunda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolani shaxsan tarbiyachiga topshirishlari va kun oxirida olib ketishlari lozimligi aytildi.

Ma’lumot uchun

167-modda 2-qism “g” bandi: “O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish”

Aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, — BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

116-modda 3-qism: “Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik”

Shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, — 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.