5 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, iqlimning keskin o‘zgarayotgani, ko‘p davlatlarda qurg‘oqchilik bo‘lgani oqibatida butun dunyoga oziq-ovqat yetishmovchiligi xavf solmoqda.

«Xalqaro maydondagi vaziyat tufayli global ishlab chiqarish zanjirlarining uzilishi, logistikadagi muammolar sababli ko‘pchilik davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga cheklovlar qo‘yayotganini ham ko‘rib turibsizlar. Viloyat, tuman va shahar hokimlari bunday sharoitda o‘z hududida ichki talabni to‘liq ta’minlash va eksportni oshirish bo‘yicha imkoniyatlarini hisob-kitob qilishi shart. Lekin, hali ko‘p hokimlar buni tushunib yetmayapti», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, bu yil 80 ming gektar maydon paxta va g‘alladan qisqartirilib, aholiga bo‘lib berilgan. Bugun imzolangan prezident qaroriga ko‘ra yil yakuniga qadar yana 20 ming gektar ekin maydoni aholiga bo‘lib beriladi. Kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholiga tanlov asosida ajratiladi. Buning hisobiga, 1,2 mln nafar aholini band qilish uchun sharoit yaratiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda Andijon, Buxoro, Xorazm viloyatlari bu yerlardan samarali foydalanib, 3 martagacha hosil olib, ichki bozorni ta’minlash bilan birga eksportini 1,5 baravarga oshirgani ta’kidlandi.

Islohotlar natijasida respublikada parranda go‘shti, tuxum, baliq, guruch mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi ancha yaxshilangan. Misol uchun, so‘nggi 3 yilda:

  • baliq yetishtirishni Andijon 4 ming tonnadan 25 ming tonnaga, Buxoro 3,5 ming tonnadan 23 ming tonnaga oshirgan;
  • parranda go‘shtini Samarqand 22 ming tonnadan 100 ming tonnaga, Toshkent viloyati 31 ming tonnadan 90 ming tonnaga yetkazgan;
  • tuxum ishlab chiqarishni Sirdaryo 127 million donadan 200 million donaga, Namangan 480 million donadan 700 million donaga, Farg‘ona 350 million donadan 600 million donaga ko‘paytirib, to‘liq o‘zini-o‘zi ta’minlayapti.

Biroq, ayrim viloyat hokimlari bu ishlarni to‘g‘ri tashkil qila olmagani qayd etildi. «Nima, bu viloyat hokimlari hududiga qancha oziq-ovqat yetishmasligi, qancha import kirayotganini bilmaydi-mi?» — deya savol qo‘ydi prezident.

Ta’kidlanishicha, ichki bozor 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importiga bog‘liq bo‘lib qolayotgani qayd etilgan.

Shavkat Mirziyoyev bu holatni qattiq tanqid qilib, mutasaddilarga viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga bir oy muddatda ushbu 25 turdagi import mahsulotlarini mamlakatda ishlab chiqarib, ko‘paytirish bo‘yicha loyiha paketlarini taqdimot qilib, hukumat qarorini chiqarishni topshirdi.

Kelgusi yilning olti oy yakuni bilan bu borada o‘zgarish qilmagan viloyat hokimlari ishdan olinishi ko‘rsatib o‘tildi.