So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston aholisini Rossiyaning USM xoldingiga aloqadorligi aytilayotgan loyihalarga sarmoya kiritish, shuningdek, Alisher Usmonov yoki uning xayriya jamg‘armasidan sherik bo‘lishga yoxud yordam olishga chaqiruvchi e’lon va nashrlar paydo bo‘ldi.

Reklamalarning aksariyati Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida qayd etilgan.

Xoldingdan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, bunday e’lonlarda ko‘pincha USM saytlari sifatida niqoblangan va foydalanuvchilarga go‘yoki yuqori daromadli sarmoyaning turli shakllarini taklif qiluvchi soxta manbalarga havolalar mavjud.

«Ta’kidlash joizki, USM xoldingi ham, uning aksiyadori Alisher Usmonov ham jismoniy shaxslar uchun investitsiya loyihalarini ishga tushirmagan va bu mavzudagi saytlar, nashrlar yoki reklamalarga aloqador emas. Xolding ham, uning aksiyadori ham ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilmaydi», — deyiladi xabarda.

E’lon qilingan firibgar loyihalarga USM Invest, «USM investitsiya akademiyasi», «USM investitsiya fondi», «USM Platforma», «Alisher Usmonov daromadlarini oshirish dasturi» va shunga o‘xshash boshqa ko‘plab «loyihalar»ni keltirish mumkin. Ularga Alisher Usmonov va USM xoldingining hech qanday aloqasi yo‘q, deya ta’kidlandi.

«Bunday loyihalar, saytlar va reklamalarning barchasi g‘araz niyatli kishilar tomonidan faqat foydalanuvchilarni aldash va ulardan noqonuniy ravishda pul olish maqsadida yaratilgan. Biz bunday reklamalarga duch kelgan har bir kishidan ularga e’tibor bermaslikni yoki ular e’lon qilingan manbalar bo‘yicha shikoyat yozishni so‘raymiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.

USM ularga pul o‘tkazib, qaytarib bera olmagan firibgarlardan jabrlanganlarga huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishni tavsiya qildi.

Bu kabi firibgar loyihalarni ishonchliroq reklama qilish uchun firibgarlar «Gazeta.uz» internet nashri sahifasidan fydalanishmoqda.

«Gazeta.uz» va unga egalik qiluvchi «Afisha Media» kompaniyasining ham bunday soxta sahifalarga aloqasi yo‘q. Agarda bizning logotipimiz ostida investitsiya fondiga sarmoya kiritish taklifini ko‘rsangiz, o‘zingiz kirgan sayt manzilini tekshiring. Onlayn nashrimizning doimiy va yagona manzili — gazeta.uz. Bank kartangiz ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermang va u larni ochiq nashr qilmang. Internetda sotib olish yoki investitsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilayotganda, pul o‘tkazmoqchi bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni tekshiring.