AOKAda Xotin-qizlarni tadbirkorlik markazlarida o‘qitish holati, ularni tadbirkorlikka jalb qilish masalalari yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Tadbir davomida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yil va joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida o‘z mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kasb-hunar va tadbirkorlikni o‘rganish ishtiyoqida bo‘lgan 388 874 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. Bu maqsadlar uchun 12 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ jalb etildi.

Kelgusida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun 2022 yilda qo‘shimcha 1 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

2022 yilda mazkur dastur doirasida ajratilayotgan mablag‘larning jami 4 trillion so‘m qismi tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yo‘naltirilishi ta’minlanadi.

Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining 300 million AQSh dollari miqdoridagi moliyaviy resurslari jalb etilishi belgilangan.

Shuningdek, xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda mahalliy va jahon logistika kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatilmoqda.