Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi tasarrufida bo‘lgan maxsus jixozlangan «Lacetti» (75 701 VSF) mashinasi 52 marta hamda «Lacetti» (75 424 VSF) avtomobili esa 28 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgani, biroq jarima undirilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Har ikki holat yuzasidan Surxondaryo viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi.

55 ta jarima qarori

Organ ma’lumotlariga ko‘ra, 75 701 VSF davlat raqam belgili xizmat avtoulovi Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB boshlig‘i o‘rinbosariga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan. Holatni o‘rganish davomida avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklarni qayd etish ma’lumotlar bazasi tekshirib ko‘rilgan.

«Ushbu transport vositasi mulkdoriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 171, 309−1, 248, 304, va 307-moddalariga asoslangan holda 55 ta holatda belgilangan harakat tezligi oshirganlik holati yuzasidan jarima qarorlari tayinlangan», — deyiladi xabarda. Tarmoqlarda umumiy jarima miqdori 19 mln 180 ming so‘mligi aytilmoqda.

Foto: Avtobloger Maqsud Muzaffarov.

Ta’kidlanishicha, 52 ta holat Surxondaryo viloyati hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikni oldini olish, viloyatga tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlarni xavfsizligini ta’minlash, viloyat hududida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar va o‘quv mashg‘ulotlarida harakat xavfsizligini ta’minlash va o‘z vaqtida belgilangan topshiriqlarni amalga oshirishda, pul va portlovchi moddalarni o‘z vaqtida kechiktirmasdan manziliga yetkazish maqsadida kuzatuvlarni amalga oshirish jarayonida belgilangan harakat tezligini oxirgi zarurat holatida oshirganligi aniqlangan.

Ushbu holatlar inobatga olinib jarima qarorlari O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 4-bandiga (Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar, shaxs harakatni zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida qilgan bo‘lsa) ko‘ra, YHXB MAB mas’ul xodimlari tomonidan qayta ko‘rib chiqilib xal qiluv qaroriga asosan bekor qilingan. O‘rganishda, jarima qarorlarini bekor qilishda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 17−1-moddasining 5-bandi talablariga rioya qilingani aniqlandi.

Shuningdek, mazkur xizmat avtomobilining 3 ta qoidabuzarligi 2020 yil Sardoba suv ombori toshqini vaqtida kechiktirib bo‘lmas kuzatuvlarni amalga oshirish davomida qayd etilgan. Jarima qarorlarini bekor qilish bo‘yicha Sirdaryo va Toshkent viloyati IIB JXX YHXBga 2022 yil 17 avgustda (oradan qariyb 2 yarim yil o‘tib) xatlar yuborilgan.

28 ta jarima qarori

Aniqlanishicha, viloyat IIB JXX YHXB tasarrufida bo‘lgan maxsus jixozlangan Lacetti 75 424 VSF davlat raqam belgili xizmat avtoulovi Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB boshlig‘i o‘rinbosariga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan.


Foto: Avtobloger Maqsud Muzaffarov.

Maxsus avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasi tekshirib ko‘rilganda uning ham qoidabuzarligi o‘z tasdig‘ini topgan.

«Ushbu transport vositasi mulkdoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171, 309−1, 248, 304, va 307-moddalariga asoslangan holda 28 ta holatda belgilangan harakat tezligi oshirganlik holati yuzasidan YHXB MAB ma’sul xodimlari tomonidan jarima qarorlari tayinlangan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, viloyat hududida sodir etilgan 28 ta holat hududda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikni oldini olish, viloyatga tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlarni xavfsizligini ta’minlash, viloyat hududida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar va o‘quv mashg‘ulotlarida harakat xavfsizligini ta’minlash va o‘z vaqtida belgilangan topshiriqlarni amalga oshirishda, pul va portlovchi moddalarni o‘z vaqtida kechiktirmasdan manziliga yetkazish maqsadida kuzatuvlarni amalga oshirish jarayonida belgilangan harakat tezligini oxirgi zarurat holatida oshirganligi aniqlangan.

Ushbu holatlar inobatga olinib jarima qarorlari MJtKning 271-moddasi 4-bandiga asosan YHXB MAB mas’ul xodimlari tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, hal qiluv qaroriga asosan bekor qilingan. O‘rganishda jarima qarorlarini bekor qilishda MJtKning 17−1-moddasining 5-bandi talablariga rioya qilingani aniqlangan.

Bundan tashqari, prokuratura xabarida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositasi — tezkor vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan, ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositasi hisoblanishi qayd etilgan.