2022−2023-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra 190 375 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati deya xabar berdi.

Shundan, 39 962 nafari — davlat granti, 150 413 nafari — to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. Ularning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti quyidagichani tashkil etadi.

  • Kunduzgi ta’lim shakli — 118 352 nafar;
  • Sirtqi ta’lim shakli — 45 407 nafar;
  • Kechki ta’lim shakli — 9 139 nafar;
  • Masofaviy ta’lim shakli — 3 416 nafar.

Tanlov natijalariga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha ball — 121,2 ballni, to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha ball — 95,9 ballni tashkil etgan.

Bundan tashqari, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlari ham ochiqlandi:

  • 176 mingdan ziyodi — umumiy qabul parametrlari doirasida;
  • 13 mingdan ziyodi — imtiyozga ega abituriyentlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan.

Imtiyozga ega abituriyentlarning:

  • 3,2 ming nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • 272 nafari «Mehribonlik» uyi, Bolalar shaharchasi bitiruvchilari bo‘lgan hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar;
  • 4,7 ming nafari muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar;
  • 1,9 ming nafari harbiy xizmatchilarning farzandlari;
  • 739 nafari Ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari;
  • 1,9 ming nafari ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • 379 nafari kamida 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar hisoblanadi.