29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning katta vitse-prezidenti Keyitiro Nakazava boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi  — strategik jihatdan muhim va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Muzokazalar davomida tomonlar «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish» kredit liniyasi birinchi bosqichi doirasida, O‘zbekistonda 300 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etilgani va 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganligini ta’kidladilar.

Qayd etilishicha, kredit liniyasining ikkinchi bosqichi doirasida qo‘shimcha 200 million dollar ajratish bo‘yicha ayirboshlash notalarini va qarz bitimini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu loyiha fermer xo‘jaliklari va tegishli tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida mahalliy tijorat banklariga kredit liniyasini ajratishni nazarda tutadi.