26 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida:

  • hudud uchun foyda solig‘i stavkasini 15 foizdan 7,5 foizga tushirish;
  • aylanma soliq stavkasini Nukus shahrida 4 foizdan 2 foizga, tumanlarda 2 foizdan 1 foizga, olis hududlarda esa 1 foizdan 0,5 foizga pasaytirish;
  • mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini 2 baravarga kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun rejadagi 650 mlrd so‘mga qo‘shimcha ravishda 200 mlrd so‘m ajratiladi.

Agrar sohadagi masalalarni hal qilish bo‘yicha:

  • yil yakuniga qadar 6 ming 620 gektar, kelgusi yilda 6 ming gektar paxta va g‘alla yerlarini qisqartirib, aholiga ijaraga berishni yo‘lga qo‘yish;
  • ekin ekish xarajatlari uchun fermerlarga 200 milliard so‘m va dehqonlarga 50 milliard so‘m ajratish;
  • suv ta’minotini yaxshilash maqsadida har bir quduqni burg‘ilash va ishga tushirish uchun 15 million so‘mgacha subsidiya ajratish va boshqa moliyaviy ko‘mak bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qoraqalpog‘istonda sanoat loyihalarini ko‘paytirish maqsadida mutasaddilarga:

  • Investorlarga ko‘mak markazini tashkil etish, unda qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, subsidiya, kredit va kompensatsiya olish, mahsulotiga bozor topishga ko‘maklashish bo‘yicha bepul xizmatlar ko‘rsatish;
  • Investorlarga ko‘mak markazi qoshida Nukus shahridagi 10 gektar yer maydonida Sanoat texnoparkini tashkil etish;
  • Kegeyli va Xo‘jayli tumanlarida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil qilish;
  • besh yil muddatga faqat Qoraqalpog‘iston tadbirkorlariga eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun sotib olingan xom ashyolarni, mamlakatimiz bo‘ylab tashishda 70 foiz transport xarajatlarini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish va boshqa topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari Qorao‘zakda mis ishlab chiqarish, Qo‘ng‘irotda yangi kaustik soda va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqarish zavodlarini qurish kabi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatladi.

Avvalroq ushbu sessiyada Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamalov betobligi tufayli va o‘z murojaatiga asosan lavozimidan ozod qilingani haqida yozgandik.