23 avgust kuni Nukus shahrida «InnoWeek-2022» innovatsion ishlanmalar hududiy ko‘rgazmasi davomida Nukus yoshlar texnoparki ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Innovatsiyalar milliy ofisining rasmiy sahifasida xabar beriladi.

Qoraqalpog‘iston poytaxtida bu turdagi markazning bapro etilishi prezidentning 6 iyuldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Nukus texnoparki» maxsus sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

Markazni tashkil etish va uning moddiy texnik bazasini shakllantirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining maxsus jamg‘armalari hisobidan 8,9 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Texnopark 3D printerlar, pnevmatika o‘quv stendlari, lazer kesgich, frezer ishlov beruvchi markaz, gidravlik list bukgich, elektr payvandlagich, laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari va boshqa uskunalar bilan jihozlangan.

«Innovator yoshlarimizning g‘oyalarini noldan boshlab prototip darajasiga yetkizgunga qadar ushbu texnopark yordam beradi. Kichik ishlab chiqarish zonasi orqali tayyor loyiha g‘oyalarining prototiplarini bepul ishlab chiqarish imkoniyati mavjud», deydi texnopark rahbari Rustam Madriyev.

Shuningdek, texnoparkda kichik yoshdagilar uchun robototexnika, grafik dizayn, mental arifmetika, ingliz tili, nutq madaniyati bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan.