25 avgust kuni «O‘zbekistonda bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyati: hozirgi holat va istiqbollar» mavzusidagi konferensiyada bolalar uchun odil sudlov sohasida faoliyat yuritayotgan milliy mutaxassislar va ekspertlar yig‘ildi, deb xabar berdi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda bolalar uchun odil sudlovga erishishdagi to‘siqlar va imkoniyatlar muhokama qilindi.

«Qizlar va o‘g‘il bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash har bir bolaning huquqlari, jumladan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya hamda zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabatdan himoya qilish huquqlari buzilgan hollarda adolatli, o‘z vaqtida amalga oshiriladigan samarali himoya vositalaridan foydalanish bo‘yicha qonunlar, tizimlar va amaliyotlar mavjudligini anglatadi», — dedi YUNICYeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

«Adliya va aholini ijtimoiy himoya qilish tizimlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bolaning alohida ehtiyojlari, yoshi, jinsi va qobiliyatini e’tiborga olgan holda uning oliy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak», — deya ta’kidladi u.

2016 yildan buyon O‘zbekistonda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, qonun ustuvorligi bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan huquqiy va sud-huquq islohotlarining yangi bosqichi izchil davom etmoqda, deyiladi xabarda.

«Islohotlar davomida qonunchilikka bir qator muhim o‘zgarishlar kiritilgan bo‘lsa-da, bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash O‘zbekistonning huquqiy va qonun ustuvorligi islohotlari kun tartibida alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanmagan», — deya qayd etadi YUNICYeF.

«Bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish faqatgina odil sudlovni va ma’muriy tizimlarni mustahkamlashdan iborat emas. Bu turli davlat organlarining yaqin o‘zaro hamkorligi hamdir — dedi bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova. — Bolalar uchun odil sudlov birinchi navbatda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning mavjudligini va ozodlikdan mahrum qilish faqatgina so‘nggi chora sifatida ko‘rilishini nazarda tutadi».

Konferensiyada Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, mas’ul davlat idoralari vakillari, soha mutaxassislari, fuqarolik jamiyati faollari, akademiklar, xalqaro ekspertlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli harakatlar to‘g‘risida kelishib oldilar. Ular har biri uchun batafsil yo‘riqnomani o‘z ichiga olgan quyidagi keng ko‘lamli tavsiyalarni berdi:

1. Bolalar uchun adolatli sudlovdan foydalanishni ta’minlash uchun keng qamrovli huquqiy va siyosiy asoslarni ishlab chiqish va qabul qilish.

2. Jinoiy, fuqarolik va ma’muriy adliya tizimlarining ixtisoslashuvini ta’minlash va qonun bilan aloqada bo‘lgan bolalarning huquqlari va ehtiyojlarini qondirish mexanizmlarini moslashtirish.

3. Qonun bilan aloqada bo‘lgan bolalarga o‘z vaqtida va yetarli darajada yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash.

4. Bolalarni ozodlikdan mahrum etishni eng qisqa muddatga so‘nggi chora sifatida qo‘llash.

5. Siyosat va dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholash uchun ma’lumotlarni to‘plash va boshqarish, shuningdek, bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyati bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish.

6. Bolalarning huquqiy imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni boshlash va bolalarning odil sudlovdan foydalanishlarini qo‘llab-quvvatlashga oilalar va mutaxassislarni jalb qilish.

7. Bolalarning adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun tarmoqlararo hamkorlikni kengaytirish.

8. Bolalarning odil sudlovdan foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi ijtimoiy normalar bilan kurashish.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning mart oyida Toshkentda bolalar uchun odil sudlov doirasidan chiqarish va tiklovchi choralarni qo‘llash loyihasi ish boshlagan.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — bolalarni maxsus ta’lim-tarbiya muassasalariga joylashning salbiy oqibatlarining oldini olishdir.