️Germaniya taraqqiyot banki (KfW) O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish uchun mablag‘ ajratishi ma’lum bo‘ldi. Bankning rasmiy saytida «Raqamlashtirish islohotlari orqali sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash: O‘zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirish» sarlavhali maqolada keltirilishicha, investitsiyalarning umumiy miqdori 61,8 mln yevroni tashkil etadi.

Bunga e’tibor qaratgan «Dunyo» axborot agentligining xabariga ko‘ra, sarmoyalarning 45 million yevro qismi tarmoqni raqamlashtirishga, 5,5 million yevro miqdori esa grantlar uchun ajratiladi.

«Bu orqali O‘zbekistonda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga doir raqamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan, — deyiladi materialda. — Ushbu hamkorlik raqamli ma’lumotlarni qayta ishlash uchun milliy sog‘liqni saqlash platformasini joriy etishga qaratilgan.»

Shuningdek, 2030 yilgacha amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyiha sog‘liqni saqlashni boshqarishning raqamli infratuzilmasi va uning ma’muriy jarayonlarini optimallashtirishni ko‘zda tutadi.

Undan tibbiyot xodimlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qitish, bemorlarning elektron bazasini yaratish, diagnostika va davolash jarayonlarini jadallashtirish kabi ustuvor maqsadlar ham o‘rin olgan.

O‘z navbatida, tibbiy asboblarga texnik xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga doir ma’lumotlar bazasi raqamlashtirilishi ham rejalashtirilgan.