24 avgust, chorshanba kuni Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi poyezd va Chaplino vokzaliga raketa hujumi uyushtirildi. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidagi videoaloqa orqali so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u ushbu ma’lumotni murojaat bilan chiqmoqchi bo‘lib turgan vaqtida olgan.

«Hozir to‘rtta yengil avtomobil yonmoqda. Hozircha kamida 15 kishi halok bo‘lgan, 50 ga yaqin kishi jarohatlangan. Qutqaruvchilar ishlamoqda. Ammo, afsuski, o‘lganlar soni yana ortishi mumkin», — dedi Vladimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.

Keyinroq prezident devoni rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko stansiya va turar-joy sektoriga raketa hujumi qurbonlarining umumiy soni 25 kishini tashkil qilganini bildirdi. Ulardan ikki nafari bolalar — 11 yoshli bola uy vayronalari ostida, 6 yoshli bola esa temir yo‘l vokzaliga yaqin joyda vagondagi yong‘in natijasida halok bo‘lgan. Unga ko‘ra, 31 kishi jarohat olgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi 25 avgust kuni tushdan keyin Chaplinoga qilingan hujumga izoh berdi.

«„Iskander“ raketasining Dnepropetrovsk viloyatidagi Chaplino temir yo‘l vokzalidagi harbiy eshelonga to‘g‘ri urilgani natijasida Donbasdagi jangovar hududga yo‘l olgan Ukraina Qurolli Kuchlarining zaxiradagi 200 dan ortiq harbiy xizmatchisi va 10 ta harbiy texnika yo‘q qilindi», — deya xabar beradi RIA Novosti Mudofaa vazirligi hisobotiga tayanib.