Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘zsuv kanalining Zangiota tumanining «Tokzor» MFY hududidan o‘tgan qismiga zaharli kanalizatsiya suvlari oqizilayotgani to‘g‘risida e’lon qilingan videomurojaat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bosh boshqarmasi tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borildi, deya xabar qildi Ekologiya qo‘mitasi.

O‘rganish jarayoniga ekologik mobil laboratoriya ham jalb qilinib, Bo‘zsuv kanaliga tashlanayotgan oqova suvlardan, kanalning 500 metr tepa va past qismlaridan tahlil uchun namunalar olindi.

O‘rganishlar davomida suvning qora rangda ekanligi to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan rangli oqova suvlar bilan bog‘liq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, «Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi»ning texnologik jarayonlari ko‘zdan kechirildi hamda ushbu tozalash inshootiga muntazam ravishda me’yordan ortiq ifloslangan moddalar va rangli eritmalar tashlab kelayotgan 7 ta to‘qimachilik va 2 ta qog‘ozni qayta ishlovchi korxonalar ro‘yxati shakllantirildi.

Endilikda har bir korxona faoliyatini tekshirish yuzasidan Biznes-Ombudsmanga buyurtmalar kiritilib, belgilangan tartibda ekologik nazorat o‘rganish ishlari olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday holat yaqinda Chirchiq daryosida ham aniqlangan edi. Mahalliy aholi daryo suvining ifloslangani va rangi o‘zgargani haqida xabar bergan.

Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida haqiqatan ham Chirchiq daryosining Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani «Chingeldi» MFY hududidan o‘tuvchi qismiga rangli eritmalar bilan ifloslangan oqovalar tashlanayotgani aniqlangan.

Ishchi guruh tomonidan Chirchiq oqova tozalash inshootining holati, texnologik jarayonlari o‘rganilganda tozalash samaradorligi 40−50 foizdan ham pasayib ketgani tasdiqlangan.

Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan Chirchiq oqova tozalash inshootiga me’yordan ortiqcha ifloslangan turli rangli eritmali oqova tashlaydigan 10 ta yirik korxona, shu jumladan, 6 ta tarkibida bo‘yoq sexlari bo‘lgan to‘qimachilik korxonalari ro‘yxati shakllantirilgan.