Dushanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqot vaqtida 2023 yil boshidan QQS tushirilishini ma’lum qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi xabar berdi.

2021 yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda davlat rahbari biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, QQSni yanada tushirishga va’da bergandi.

«Ochiq aytishim kerak, «iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik, deb taklif berganlar ham bo‘ldi. Lekin sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil 1 iyuldan boshlab bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilingan edi.

Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

«Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?», — deya tadbirkorlarga murojaat qildi davlat rahbari.