Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda, deb xabar berdi parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi Vahobjon Murodqobilov.

Uning qayd etishicha, hujjat bilan foydali qazilmalar quyidagi ikki turga ajratilmoqda:

  • asosiy foydali qazilmalar — barcha metallar va uglevodorodlar;
  • noruda foydali qazilmalar — sement, oyna, kimyo xomashyolari, marmar, granit, bazalt, qum-shag‘al, ohaktosh va boshqalar.

Qonun loyihasida geologik jihatdan kam o‘rganilgan hududlarni bloklarga bo‘lish tizimi joriy etilishi belgilanmoqda. Bunda, tegishli litsenziyalar talabgor murojaatiga ko‘ra «birinchi kelgan birinchi oladi» prinsipi asosida beriladi.

Litsenziya olishda esa quyidagi hujjatlar talabi bekor qilinmoqda:

  • yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisoblar;
  • talabgor moliyaviy mablag‘lari;
  • mavjud texnika va boshqa imkoniyatlari kabi ma’lumotlar ro‘yxati.

Shuningdek, o‘rganilganlik darajasi va kon ochish salohiyati yuqori bo‘lgan maydonlarni «E-auksion» platformasi orqali sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishda bir martalik bonuslar o‘rniga har yilgi to‘lovlar hamda yillik minimal xarajatlar joriy qilinadi. Shu bilan birga, yer qa’ri uchastkalarini sotish, hadya qilish, meros qilib qoldirish, omonatga yoki garovga qo‘yish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, yer osti boyliklaridan foydalanishdagi maxsus vakolatli davlat organlarining vakolat doiralari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Bu maydon yoki kondan foydalanish tugaganidan so‘ng, atrof-muhitni qayta tiklash, rekultivatsiya qilish tadbirlarining moliyaviy manbalarini tizimli shakllantirishga yordam berishi mumkin.

Avvalroq, hukumat qarori bilan Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan faqat O‘zbekiston rezidentlariga qimmatbaho metallarni qazib olish uchun 3 yilgacha ruxsatnomalar berish tartibi joriy etilgan edi.

Bunda 5 gektargacha bo‘lgan yer qa’ri uchastkasi har gektariga boshlang‘ich 9,4 mln so‘m narxda auksionga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ruxsatnoma olganlar ish boshlashdan oldin hokimiyat, Ekologiya, hamda Sanoat xavfsizligi qo‘mitalarini xabardor qilishi belgilab qo‘yilgan.