Samarqand va Toshkent viloyatlarida imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan MCHJ va fermer xo‘jaligi rahbarlari aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Ishtixon tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, «X.e.» fermer xo‘jaligi rahbari M.J. 780 mln so‘m imtiyozli kredit evaziga xorijdan olib kelingan 31 bosh naslli qoramollarni sotib yuborib, kredit mablag‘ini o‘zlashtirib yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu mablag‘lar xo‘jalikka chorvachilikni rivojlantirish va xorijdan naslli chorva mollarini sotib olish uchun ajratilgan.

Xuddi shunday holat Angren shahrida ham aniqlangan. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «M.O.» MCHJ rahbari A.O‘ baliqchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 490 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarda sarflab, o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.