19 avgustda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 69 sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda biomertik ma’lumotlarga asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilish kompleks tizimini joriy etish konsepsiyasi muhokama qilindi va bir ovozdan ma’qullandi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Loyihani IIB Kiberxavfsizlik markazi vakili Shavkat Fayziyev taqdimot qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, konsepsiya prezidentning 2021 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi [PQ-67-sonli] qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ushbu hujjat doirasida tomonlar hamkorlikning uch muhim yo‘nalishini belgilab olishgan:

  • raqamlashtirish;
  • “yashil” iqtisodiyot;
  • kuchli ijtimoiy siyosat masalalari.

Kiberxavfsizlik markazi vakilining so‘zlariga ko‘ra, tizim dastlavval Toshkent shahrida ishga tushiriladi.

Shavkat Fayziyevning qayd etishicha, tizimni joriy etish aholi salomatligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, “chunki harorati yuqori bo‘lgan, yuqumli kasalliklarga chalingan yoki sog‘ligi to‘satdan yomonlashgan shaxslarni avtomatik aniqlash imkoniyati hozirda mavjud emas”.

“Pandemiya davrida biz biometrik yuzni tanish tizimiga ega bo‘lgan mamlakatlarda ushbu tizim kasallik tarqalishining oldini olishda muhim rol o‘ynaganiga guvoh bo‘ldik. Misol uchun, termal datchikli kameralar yuqori haroratli odamlarni aniqlash va ularni izolyatsiya qilishga yordam berdi”, — dedi u.

Markaz vakilining so‘zlariga ko‘ra, tizim jamoat xavfsizligini ta’minlash, jumladan, tartibsizliklarning oldindan ko‘ra bilish, ularning tashkilotchilari va faol ishtirokchilarini masofadan turib aniqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Hozirda bunday mexanizm yo‘q, deya qayd etilgan loyiha taqdimotida.

Bundan tashqari, loyiha huquqbuzarliklarning oldini olishga, shuningdek bedarak yo‘qolgan, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni, qarzdorlarni qidirishga ko‘maklashish, shartli va profilaktik hisobda turgan shaxslarni, tan jarohati yetkazish va bezorilik holatlarini aniqlashga qaratilgan.

Kiberxavfsizlik markazi vakili ekstremist va terroristlarni aniqlashda psixologik portretni shakllantirish tizimining (profayling) haligacha yo‘qligini ham qayd etdi.

Shuningdek, Shavkat Fayziyev tizim O‘zbekistonda yuzni tanishdan foydalangan holda kontaktsiz to‘lovlar amalga oshirishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan soxtalashtirish jarayonlarini (Deepfake) ham aniqlashga yordam berishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 179,6 mingdan ortiq kameralar faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 177,1 mingdan ortig‘i statsionar, 1233 tasi PTZ kameralari (aylantirish, burish va kattalashtirish uchun harakatlantiruvchi tizim bilan jihozlangan), 658 tasi davlat raqamlarini aniqlash bo‘yicha kameralari, 604 tasi yuzlarni tanib olishga mo‘ljallangan.

Ma’lumotlarni shaxsiylashtirish markazi 29 milliondan oshiqroq (35,27 million aholidan), shu jumladan 16 yoshdan oshgan 24,38 million shaxsning pasport ma’lumotlari va biometrik tasvirlarini ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lgan.

Shavkat Fayziyev dasturiy tizim va zarur jihozlar, jumladan, issiqlik datchigi mavjud 180 ta kamera xarid qilish uchun Janubiy Koreyaning Eksimbankidan 7 million dollarlik imtiyozli kredit jalb qilinayotganini aytib o‘tdi. Kredit mablag‘i 0 foiz miqdorda olinishi ko‘zda tutilgan.