Ijtimoiy tarmoqlarda «Hududgazta’minot» AJ tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilishi mumkinligi to‘g‘risida iste’molchilarga SMS-xabarnoma yuborayotgani haqida gap-so‘zlar tarqalmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida kompaniya matbuot kotibi Mehribon Mametovadan izoh oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Hududgaz raqamlashtirish» filiali xodimlari tomonidan «HGT Servise» dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan. Ushbu dastur gaz uskunalarining holati haqida batafsil ma’lumotlarni masofadan yig‘ish hamda har bir abonent bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalanishni nazorat qilish imkonini beradi.

«Mazkur dastur gaz uskunalarini kundalik hayotda ishlatishda iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash, gaz ta’minoti tizimi xodimlari tomonidan gaz jihozlariga texnik va profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha majburiy xizmatlar sifatini baholash hamda o‘zaro hisob-kitoblarni naqd pulsiz amalga oshirishga qaratilgan», — dedi Mehribon Mametova.

Yangi dasturiy ta’minotga abonentning shaxsiy ma’lumotlari, xonadon geolokatsiyasi va telefon raqami, iste’molchida maishiy gaz uskunalarining mavjudligi va ularning texnik holati to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilgan.

Dasturning yana bir xususiyati shundaki, u xizmat sifatini baholash yoki shaxsiy kabinet orqali iste’molchining shikoyatini uzatish imkoniyatiga ega, deyiladi xabarda.

«HGT Servise» dasturi gaz yetkazib beruvchi va iste’molchi o‘rtasida gaz uskunalariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish va ularni naqd pulsiz amalga oshirishga imkon beradi. Ko‘rsatilgan servis xizmatlar uchun to‘lov (invoys) SMS orqali onlayn rejimida taqdim etiladi va bu xabar xizmat tugagandan so‘ng darhol iste’molchining telefoniga yuboriladi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekistonda hovli uylarda gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish davriyligi yiliga kamida bir marta, ko‘p qavatli uylarda — ikki yilda bir marta etib belgilangan.

«Hududgazta’minot» shu o‘rinda iste’molchilarga gaz ta’minoti yuqori xavfga ega bo‘lgan soha ekanligini, gazdan foydalanish alohida e’tibor talab qilishini hamda gaz jihozlari doimiy profilaktika va texnik xizmatga muhtoj ekanligini eslatib o‘tdi.

Mehribon Mametovaning qo‘shimcha qilishicha, iste’molchining xohishiga ko‘ra, gaz ta’minoti tashkilotlari xodimlari 1104 qisqa raqami yoki iste’molchining shaxsiy kabineti orqali gaz ta’minoti sohasida qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.