Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ulardan pul talab qilayotgan xodimlar ham uchrab turibdi. Bu haqda 17 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilning olti oyi davomida vazirlik tizimida faoliyat olib boruvchi xodimlar tomonidan ishsizlarni ishga joylashtirib qo‘yishda amaliy yordam berish oqibatida uchta mana shunday holat kuzatilgan.


Foto: AOKA

«Biz bunday holatlar statistikasini o‘rganamiz. Nafaqat o‘rganib boramiz, balki bu kabi holatlar qaysi viloyatlar va sohada uchrayotganini tahlil ham qilamiz va o‘sha soha mas’ullari bilan ishlashga harakat qilamiz. Joylarda tashkilotlarni jalb qilgan holda, mehnat yarmarkalari o‘tkazamiz. Tashkilotlarda bo‘sh ish o‘rinlari bo‘lsa, bu haqda ommaviy axborot vositalari, hududlardagi turli ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot berib, targ‘ib qilib boramiz», — deydi Nozim Husanov.

Avvalroq, 2022 yil boshidan beri 14 mingdan ortiq tashkilot va korxonalarda o‘rganishlar o‘tkazilib, 41 150 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida xabar berilgandi. Shunga ko‘ra, 5935 nafar mansabdor 12 mlrd 57 mln so‘mlik jarimaga tortilgan. Qonunbuzarliklar ko‘proq — Qashqadaryo, Samarqand, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida uchrayotgani ta’kidlangandi.