Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi faoliyati favqulodda to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Ta’kidlanishicha, viloyatdagi «O‘ztransgaz» AJga qarashli magistral gaz quvuri o‘tgan yer maydonida noma’lum shaxslar kelishmasdan yerni qazish ishlarini olib borganligi natijasida gaz quvuriga shikast yetkazilgan.

Ushbu gaz quvuri To‘raqo‘rg‘on IESni yoqilg‘i bilan ta’minlaydi. Mazkur gaz quvuriga yetkazilgan shikast natijasida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi favqulodda to‘xtatildi, deyiladi xabarda.

Hozirgi vaqtda nosozliklarni bartaraf etish, shuningdek, elektr ta’minoti uchun zaxira quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

Boshqa elektr stansiyalarida zaxira energobloklarini ulash bo‘yicha ishlarni bajarish uchun ma’lum vaqt zarurligini inobatga olgan holda, ayrim hududlarda elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Vazirlik keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘ramoqda.