17 avgust kuni Namangan viloyatidagi «O‘ztransgaz» AJga qarashli magistral gaz quvuri o‘tgan yer maydonida noma’lum shaxslar kelishmasdan yerni qazish ishlarini olib borganligi natijasida gaz quvuriga shikast yetkazilgani oqibatida To‘raqo‘rg‘on IES faoliyati favqulodda to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lum muddat o‘tib, issiqlik elektr stansiyasiga tabiiy gaz yetkazib berish qayta tiklandi, deb xabar berdi «O‘ztransgaz» AJ matbuot xizmati.

«O‘ztransgaz»ning aniqlik kiritishicha, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan biriga tegishli yer maydonida dala ishlari olib borilayotgan vaqtda To‘raqo‘rg‘on IES gaz taqsimlash stansiyaga tabiiy gaz yetkazib beruvchi magistral gaz quvurining D-50 millimetrlik purkash moslamasiga shikast yetkazilgan.

Energetika vazirligi yo‘qotilgan quvvatni tiklash uchun Toshkent, Yangi Angren, Sirdaryo IESlari hamda Chorvoq gidroelektr stansiyasidagi zaxira energobloklar ishga tushirilganini ma’lum qildi.