15 avgust kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi Nodirbek Yakubbayev va turnir ishtirokchisi Nilufar Yakubbayeva hamda ularning otasi Xorazm viloyati Xazorasp tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi Murodbek Iskandarov bilan uchrashdi.

DSQ matbuot xizmatining xabar berishicha, qo‘mita raisi olamshumul g‘alaba bilan Nodirbek hamda uning ota-onasini tabriklab, «barcha soliqchilar Murodbek Iskandarovdan o‘rnak olishi lozimligini, farzandlar iste’dodini aniqlash va uni to‘g‘ri yo‘naltirish mana shunday natija berishini ta’kidladi».

Bundan tashqari, Sherzod Kudbiyev o‘z buyrug‘i bilan Murodbek Iskandarovga navbatdagi unvonni berdi.

«Yakunda Sherzod Kudbiyev yurtimiz faxru iftixoriga aylangan Nodirbek Yoqubboyev va uning ota-onasiga samimiy minnatdorlik bildirib, „Xumson“ sanatoriysiga yo‘llanma hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alarini topshirdi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Chennay (Hindiston) shahrida o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi tarixda ilk bor g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Chempionlarga 600 mln so‘m, faxriy unvonlar, medallar va Equinox avtomobillari topshirildi. Ikkinchi doskada o‘ynagan 20 yoshli Nodirbek Yakubbayev (2620) 11 turda 5 ta g‘alaba, 6 ta durang qayd etib, birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi (8/11). Natijada, uning turnirdagi ko‘rsatkichi 2759 bo‘lib, doskalar bo‘yicha bronza medaliga sazovor bo‘ldi.