O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Muloqot davomida mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish, xususan, O‘zbekiston va Rossiyaning hududlari va tadbirkorlari darajasidagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Xabarda joriy yilning yetti oyida tovar ayirboshlash 30 foizga oshgani ta’kidlandi. Ayni paytda savdo ko‘rsatkichlarining o‘sishi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga ta’minlanmoqda.

Joriy yilning kuzida uchinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Muhim investitsion loyihalar va madaniy-gumanitar dasturlar davom ettirilmoqda.

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari, eng avvalo, amaliy sheriklikni aniq, sifatli mazmun bilan boyitish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Shuningdek, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Davlat rahbarlari joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga alohida to‘xtaldilar.