Bosh prokuratura Qarshidagi Qarshi Leather charm korxonasini oldida fuqaro o‘zini ustiga yoqilg‘i sepib, yoqib yuborishga uringan holatni o‘rganayotganini ma’lum qildi. Shahar prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishni boshladi.

Seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda korxonadan chiqayotgan badbo‘y xiddan norozi bo‘lgan erkaklar va ayollar o‘z munosabatini O‘zbekiston prezidentiga yetkazish maqsadida zavod darvozasi oldida yig‘ilgani aks etgan video tarqaldi.

Yoshi kattaroq ayolning so‘zlariga ko‘ra, uning ikki kelinining homilasi tushib qolgan. «Nima qilay? Buni (zavodni — tahr.) yo‘qotish kerakmi yoki xalq ezilishi kerakmi?», — deya savol bilan yuzlandi ayol.

Yoshroq ayol esa ovqat yeyishga qiynalayotgani, taomlangach, uni baribir qusib tashlayotganini ta’kidladi. «Bu yerda nafas olib bo‘lmaydi», — dedi u.

«Kechalari bilan yotib bo‘lmayapti. Bolalarni har hafta doktorga olib borib, million-million pul sarflayapmiz. Bizga bu xarajatlarni kim qoplab beradi?», — deb so‘radi erkak.

«Bizni rahbarlar, hokimiyat, hech kim umuman qaragani ham yo‘q, tinglagani ham yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi u.

Yoshroq ayollardan biri bolasi tushib qolgani, besh oylik farzandini tuproqqa qo‘yib kelganini aytdi. «Unday qilishmasin, (zavodni — tahr.) yopib tashlasin. Bu (aholi hududida teri zavodining bo‘lishi — tahr.) mumkin emas», — dedi u.

Nogironlik aravachasidagi erkak turmush o‘rtog‘ining xotirasi pasayib ketganini ta’kidladi. «Yashab bo‘lmayapti», — dedi u.

Aholining murojaatini yozib olayotgan erkak shunday dedi: «Qarshi shaharga qaraymiz. Shaharda bunday sassiq zavod qurishga kim huquq bergan? Yuqoridagilar, manfaatdorlar, iltimos sizlardan, shu zavodni yopishda bizga ko‘mak berishingizni so‘raymiz. Shu sassiqning dastidan ayam jigar serrozi bo‘lgan».

Bunga qadar video yozib olgan erkak ham o‘z fikrini bildirishga harakat qildi: «Mana bu yerlarni parvarish qildik. Bu yerni ham, orqadagini ham olib qo‘ydi. Sog‘liqni ham olib qo‘ydi. Nima qilaylik? Mening o‘zim bir haydovchiman, taksichiman. Ishlagan pulimning yarmi ovqatga ketsa, yarmi doriga ketadi».

«O‘sha kuni kelganimizda zavodning egasi Akmal menga: „Seni o‘ldiraman, ikki kunda seni qamataman…“, deb aytdi. Nimaga bunday qiladi? Nimaga meni o‘limga haydaydi? Shu Akmalni deb meni yashagim kelmayapti, umuman yashagim kelmayapti, yordam beringlar menga», — deb baqirdi va cho‘ntagidan yoqilg‘i solingan idishni chiqarib, ustiga sepib, yoqib yubordi.

Uning kiyimi tezda yonib ketdi. Yon-atrofdagi ayollar baqira boshladi, odamlar erkakning oldiga kelib, olovni o‘chirishga urinishdi. Shundan so‘ng, erkak yana o‘z noroziligini bildirishda davom etdi, tasvirlardan uning tanasida kuygan joylarni ko‘rish mumkin.

«Akmal, senga shu kerak edimi? Yashamayman men, sen meni o‘ldiryapsan, bola-chaqamni o‘ldiryapsan… Qamatgandan ko‘ra o‘zim o‘laman men», — dedi erkak.

Ma’lumot uchun Qarshi Leather qo‘shma korxonasi 2016 yilda Xitoy va Isroil sarmoyalari hisobiga tashkil etilgan. Korxona qoramol terisini qayta ishlash bilan shug‘ullanadi.

O‘tgan yilning sentabr oyida kompaniya Shayxali qishlog‘i va yaqin atrofdagi mahallalarda havo, tuproq va suvni buzadigan chiqindilar tufayli 345 million so‘mdan ortiq jarima to‘lashga va ishlab chiqarishni to‘xtatish majburiyati yuklatilgani haqida xabar berilgandi. Voqea joyiga ekologlar, Qarshi shahar hokimi, deputatlar va boshqa mas’ul shaxslar borishgandi. Shu bilan birga, bundan oldin ham kompaniya ishlab chiqarish chiqindilarini tashlash uchun zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatish zarurligi to‘g‘risida bir necha bor ogohlantirilgani aytilgandi.