Namangan viloyatining Norin tumanida bir oila tarvuz bilan zaharlangani iddao qilinib, uning ikki a’zosi nobud bo‘ldi. Bu haqdagi xabarni «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 11 avgust kuni ertalab 68 yoshli J.X. va uning turmush o‘rtog‘i M.E. o‘zining yashash xonadonida vafot etgan. Ularning qizlari G. X. va R.X., qolaversa, nabiralari S.R. (o‘g‘il bola) va U.R. (qiz bola) taomdan zaharlanish tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Ularning barchasi 9 avgust kuni birgalikda 7 avgust kuni tuman dehqon bozorida sotib olingan va muzlatgichda 2 kun saqlangan tarvuzni uy ovqati bilan iste’mol qilishgan.

Norin tumanlararo STEBning 11 avgustdagi 71- va 72-sonli dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum J.X. va M.E.larning o‘limiga — noma’lum ovqat maxsulotidan zaxarlanishi, ichki a’zolar shok holati, qonni suyuq holda bo‘lishi, surunkali yurak ishemik kasalligi, o‘tkir miya o‘pka shishi, o‘tkir yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

Yer-xotinning o‘limi va qarindoshlarining zaharlanishi sabablarini o‘rganish uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.

Hozirda, mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.